Toshkentda Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO) gender harakat dasturi bo‘yicha xalqaro anjuman boshlandi.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamkorligida tashkil etilayotgan mazkur xalqaro tadbirda ISO ekspertlari va 30 ga yaqin mamlakatning milliy standartlashtirish tashkiloti vakillari ishtirok etmoqda.
Ma’lumki, mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan harakat va bu masala davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligi yurtimizning inson huquqlari sohasidagi ilg‘or qadamidan nishona sifatida ko‘rilmoqda. Gender tenglikni ta’minlash masalasi dunyo bo‘ylab muhim ahamiyatga ega. BMT tomonidan qabul qilingan hujjatlarda, xususan, 2015 yil qabul qilingan 70-sonli rezolyutsiyada bu o‘z ifodasini topgan.
BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida mamlakatimizda “O‘zbekistonning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalari” qabul qilingan.
Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sohaga oid 30 ga yaqin qonunchilik hujjati qabul qilindi. Xususan, 2019 yilning 3 sentyabridan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni va 2021 yilning 28 may kunidan “2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqlash haqida” O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qarori kuchga kirdi. O‘zbekistonning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi 5-maqsad — “Gender tenglikni ta’minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish”dir.
Shu bois Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO) tomonidan mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishishdagi keng ko‘lamli islohotlar inobatga olinib, Gender harakat dasturi bo‘yicha xalqaro seminar tashkil etildi.
Tadbirda gender tenglikni ta’minlashda qabul qilingan xalqaro standartlar, qonunchilik hujjatlari, gender tenglikka erishish strategiyalari, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash va bu borada xalqaro standartlarga rioya etish borasida o‘zaro fikr almashildi.
Anjumanda mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash va barcha xotin-qizlar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilinmoqda.
Mazkur xalqaro anjuman 9 iyungacha davom etadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA