Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 1-moddasida “Hamma odamlar o‘z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo‘lib tug‘iladilar. Ularga aql va vijdon ato qilingan, binobarin bir-birlariga nisbatan birodarlik ruhida munosabatda bo‘lishlari kerak”, deya qayd etilgan.
Deklaratsiyaning 2-moddasida esa har bir inson irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodlaridan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mol-mulki, tabaqasi yoki boshqa holatidan qat’i nazar, ushbu Deklaratsiyada e’lon qilingan barcha huquq va barcha erkinlikka ega bo‘lishi zarurligi e’tirof etilgan.
Bu umuminsoniy tamoyillar O‘zbekiston milliy qonunchiligida ham ustuvorlik kasb etadi.
Aytib o‘tish kerakki, mazkur deklaratsiya mustaqil O‘zbekiston Respublikasi imzolagan eng birinchi xalqaro hujjatdir.
O‘zbekiston Konstitutsiyasi tamoyillari yuqorida qayd etilgan xalqaro me’yorlarga to‘liq mos keladi.
Bosh qomusimizga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq kafolatlanadi. Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli.
O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.
Imtiyozlar faqat qonunga muvofiq belgilanadi va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi kuchga kirganiga joriy yilda 75 yil to‘ladi.
Shu munosabat bilan Davlatimiz rahbari 2023 yil 12 mayda “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Farmonda “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyani to‘liq ro‘yobga chiqarish, inson huquq va erkinliklari sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, davlat organlari faoliyatiga tizimli va bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.
Inson huquqlari va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish hamda qonun ustuvorligini ta’minlash, shuningdek, jamiyat va har bir fuqaro hayotiga ularni tatbiq etish Yangi O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatida markaziy o‘rinni egallab kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasida zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini samarali bajarishga qaratilgan Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyasida belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirilayotgani uning xalqaro maydondagi obro‘si yanada mustahkamlanishiga hamda mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabati shakllanishiga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Birlashgan millatlar tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatida faol harakati, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari hamda inson huquqlari masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachilari bilan yaqin hamkorligi bunga yorqin misol bo‘lmoqda.
Inson huquqlariga oid xalqaro standartlarni amalga oshirish bo‘yicha izchil ishlar qilindi. Ayniqsa, ayollar, bolalar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish hamda ijtimoiy adolat tamoyillariga konstitutsiyaviy maqom berildi.
Shuningdek, xotin-qizlar va bolalar huquq va erkinliklari, manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmning qonuniy asoslarini shakllantirish, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturining qabul qilinishi bu yo‘nalishda ta’limni yanada rivojlantirishga, aholining huquqiy savodxonligini, davlat xizmatchilarining inson huquqlari va gender tenglik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan.
Shu asosda fuqarolarning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi tamoyillari va normalari to‘g‘risidagi bilimlarini oshirish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy, qonunchilikka oid chora-tadbirlar tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshiriladi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi tasdiqlanadi.
Sanaga bag‘ishlangan tadbirlarda davlat tashkilotlari va muassasalari, jamoatchilik birlashmalari, ommaviy axborot vositalarining faol ishtirok etishi eng muhim vazifa etib belgilandi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro tadbirlarda O‘zbekiston vakillarining faol ishtirok etishi bo‘yicha xalqaro tashkilotlar, eng avvalo, BMT muassasalari bilan yaqin hamkorlik ta’minlanadi.
O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi 2023 yildan boshlab har yili 1-10 dekabr kunlari mamlakatimizda “Inson huquqlari” o‘n kunligini e’lon qilish hamda barcha umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan kunga bag‘ishlangan umummilliy darslar o‘tkazishni yo‘lga qo‘yadi.
Bir so‘z bilan aytganda, dunyo xalqlari huquqlari himoyasini o‘zida ifoda etish bilan birga ularni birlashtirib turadigan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi yurtimizda munosib nishonlanadi.
Norgul Abduraimova, O‘zA