O‘zbekistonda 4 ming 979 nafar advokat, 2 ming 554 advokatlik tuzilmalari mavjud. Ular qanday faoliyat yuritmoqda va sohani raqamlashtirish qanday natija beradi?
Ushbu savollarga Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva javob berdi:
– Advokatlarning fuqarolar huquqlari himoyasini to‘laqonli ta’minlashi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Qonunchilikda ularning maqomini ko‘tarishga qaratilgan muhim me’yorlar kiritildi.
Prezidentimizning “Advokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan sohani raqamlashtirishga oid ishlar amalga oshirilmoqda.
Unga ko‘ra, advokatlik faoliyati uchun litsenziyalar elektron shaklda maxsus QR-kod qo‘yilgan holda inson omilisiz berilishi belgilandi. Talabgorlarga advokat maqomini olish bo‘yicha malaka imtihoniga hujjat topshirishning elektron tartibi yo‘lga qo‘yildi, talabgorga imtihon o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy haqida elektron shaklda, shuningdek, “SMS” xabarnoma yordamida ma’lum qilinadi.
Advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish hamda tugatish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali “yagona darcha” tamoyili asosida faqat elektron tarzda amalga oshiriladi.
Advokatlik faoliyatini boshlashda malaka imtihonini topshirish, advokatlik faoliyati uchun litsenziya olish va advokatlik byurosini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, advokatlik guvohnomasini olish bo‘yicha kompozit xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Ya’ni, talabgor bir marta ariza berib, ushbu barcha xizmatlardan ketma-ket ravishda foydalanishi mumkin bo‘ladi. Har bir murojaat uchun alohida vakolatli organlarga tashrif buyurishi, takroran ariza berishi talab etilmaydi.
2023 yil 1 yanvardan fuqarolarga yuridik yordam ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirish, advokatura sohasini sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari faoliyati bilan integratsiya qilishni nazarda tutuvchi “Yuridik yordam” axborot tizimi ishga tushirildi.
“Yuridik yordam” axborot tizimida advokatlar elektron reyestri va advokatlarning shaxsiy elektron kabineti shakllantirildi. Advokatlik orderini maxsus QR-kod qo‘yilgan holda elektron shaklda rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yildi. Orderni qayd etish daftarini yuritish talablari bekor qilindi. Advokatlarning onlayn malaka oshirishini tashkil etish va malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjatlarni elektron shaklda berish tartibi joriy etildi. Advokatlik tuzilmalaridan statistik ma’lumotlarni an’anaviy shaklda yig‘ish bekor qilinib, statistik ma’lumotlar avtomatik ravishda umumlashtiriladi.
“Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun yaqinda Senatda ma’qullandi. Ushbu qonunga ko‘ra, davlat hisobidan yuridik yordam jinoyat ishlari bilan bir qatorda, fuqarolik, ma’muriy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ham ko‘rsatilishi, davlat hisobidan advokatlarni ishga jalb etish inson omilisiz, elektron tartibda tasodifiy tanlash yo‘li bilan aniqlanishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, advokatlarning dalillarni to‘plash va sud protsessidagi vakolatlari kengaytirilib, advokatlarga ekspertiza tayinlash va ekspert xulosasini sud materiallariga qo‘shib qo‘yilishini so‘rash huquqi berildi.
Shu bilan birga, 2023 yil 1 iyunda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Advokatlik guvohnomasini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Ushbu nizom bilan advokatlik guvohnomalarining QR-kod qo‘yilgan ID-karta shaklidagi yangi namunasi tasdiqlandi.
QR-kodni skanerlash orqali advokatning advokatlik guvohnomasi kim tomonidan berilganligi, advokat maqomi, advokat faoliyat yuritayotgan advokatlik tuzilmasining nomi, advokatning ixtisosligi, litsenziya raqami va berilgan sanasi aniqlanadi.
Advokatning ixtisosligi va faoliyat yuritadigan tuzilmasi o‘zgarganda guvohnomani qayta rasmiylashtirish talab etilmaydi.
Shuningdek, advokatlik guvohnomasini olish uchun faqatgina elektron murojaat qilishning o‘zi kifoya qiladi.
Agarda advokat advokatlik tuzilmasini yangi tashkil etgan bo‘lsa, advokatlik guvohnomasini olish uchun murojaat qilishi talab etilmaydi. Unga guvohnoma avtomatik tarzda kompozit xizmat ko‘rsatish yo‘li bilan beriladi.
Advokatlik guvohnomasini guvohnoma beruvchi organga bormasdan turib olish mumkin. Ya’ni advokatlik guvohnomasi advokatning xohishiga ko‘ra advokatlik tuzilmasining manziliga kurerlik xizmati orqali yuboriladi.
Advokatura sohasiga oid bunday yangilik va imkoniyatlar advokatlarning erkin faoliyat yuritishiga, fuqarolar va tadbirkorlar huquqlari himoyasini samarali himoya qilishlariga yo‘l ochmoqda.
Norgul ABDURAIMOVA
O‘zA muxbiri