“Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani bo‘limi tomonidan “Obod mahallam” loyihasining ish rejasi asosida uchrashuvlar, davra suhbatlari, tanlovlar tashkil etilib, aholining ekologiyaga oid bilimlarini boyitish maqsadida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Kuni kecha “Barkamol avlod“ bolalar markazining “Yosh ekolog va tabiatshunos” to‘garagi a’zolari Beruniy tumanidagi “Baday-to‘qay” davlat qo‘riqxonasiga sayohat uyushtirdi. O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, bolalarga turli kasblarni o‘rgatish maqsadida markazda yetti yo‘nalishda mashg‘ulotlar olib boriladi. Ayniqsa, “Yosh ekolog va tabiatshunos” to‘garagiga qatnashish uchun o‘quvchilarda havas yuqori bo‘lmoqda.
Mazkur to‘garakning maqsad va vazifalari yoshlarda ekologik ongni shakllantirish, sanitariya-gigiyena masalalaridagi malakalarini rivojlantirish, bugungi kundagi dolzarb ekologik muammolarni nazariy hamda amaliy ko‘rsatib berish orqali o‘quvchilarni tabiatga muhabbat ruhida tarbiyalashdan iborat. Shu maqsadda o‘quvchilar bilan birgalikda tabiat qo‘yniga sayohat uyushtirildi.
1971 yilda tashkil etilgan “Baday-to‘qay” davlat qo‘riqxonasi bugungi kunda Qo‘yi Amudaryo biosfera rezervati deb nomlanadi.
Mazkur qo‘riqxonada turli xil jonivorlar, qushlar, dorivor o‘simliklar muhofaza qilinadi. Tabiatimizda yo‘qolib borayotgan o‘simlik va hayvonot olami muhofaza ostiga olingan. O‘quvchilar sayohat davomida qo‘riqxona muzeyida mavjud bo‘lgan o‘simlik turlari, hayvonot olami haqidagi ma’lumotlarga ham ega bo‘lishdi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri