So‘nggi yillarda mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi hamda g‘amxo‘rligi bilan yurtdoshlarimizning Haj ibodatlarini har qachongidan ham yuksak saviyada tashkil etish, ular uchun munosib qulayliklarni yaratib berish borasida tizimli ishlar hayotga tatbiq etilyapti.

Ta’kidlash kerakki, bundan atigi olti-yetti yil avval Haj kvotasi 5 200 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda bu raqam 7 200 ta, 2022 yilda esa 12 000 taga yetdi. Joriy yilda mamlakatimiz fuqarolari uchun umumiy Haj kvotasi 15 000 etib belgilandi. Albatta, Haj kvotasining yildan-yilga oshib borishi ham yurtimizda diniy-ma’rifiy yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami naqadar kengligidan darak beradi. Eng muhimi, xalqimiz bu kabi o‘zgarishlarni katta xursandchilik va quvonch bilan qarshi olishmoqda.

Darvoqe, yurtimiz ziyoratchilari shu yilning 4 iyunidan 19 iyun kuniga qadar respublikaning 10 ta hududiy xalqaro aeroporti (Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Qarshi, Termiz, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Urganch, Nukus shaharlari) orqali Madina shahriga yuborilmoqda. Ular Haj amallarini to‘kis ado etib bo‘lgach, 4 iyuldan 22 iyulga qadar Jidda shahridan O‘zbekistonga qaytishadi. Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, ziyoratchilarimiz ayni paytda Madina shahridagi Masjidi Nabaviydan 100 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli “Zam-zam Pullman” mehmonxonasida istiqomat qilishmoqda. Makka shahriga borishgach, “Roshidiya”, “Abroj Dana”, “Laba Darna”, “Ruba al-Hijaz” mehmonxonalarida istiqomat qiladilar.

Haj mavsumida o‘zbekistonlik ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish hamda ibodatlarni emin-erkin, to‘la-to‘kis amalga oshirishlari uchun yuqori malakali Ishchi guruh a’zolari, shifokorlar, oshpazlar va guruh rahbarlari jalb etildi. Ayni kunlarda bir guruh yurtdoshlarimiz Saudiya Arabistonining Madina shahrida ziyoratlarni ko‘tarinki ruhda davom ettirmoqdalar.

Ziyoratchilarimiz dastlab Madina shahridagi Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning masjidlari — Masjidun Nabaviyda namoz o‘qib, Yaratgandan jonajon O‘zbekistonimizga yanada ravnaq, xalqimizga esa fayzu baraka, farovonlik hamda farzandlarimiz kamolini tilab duo-yu iltijolar qilishyapti. Shuning bilan birga, ular ushbu manzildagi Ravzai muborakda ibodat qilib, Muhammad alayhissalomga salom berish baxtiga muyassar bo‘lishmoqda.

O‘zbekistonlik ziyoratchilar Uhud tog‘i va Islom tarixida birinchi qurilgan Qubo va Qiblatayn masjidlarida ham bo‘lib, ziyorat amallarini to‘kis ado etishmoqda.

 

O‘zA