Xotin-qizlarning turmush farovonligi oshishi, ularning jamiyat hayotida tutgan o‘rnini yaxshilashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Keyingi paytda ularning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan 11 mingga yaqin tarqatma material, 400 ga yaqin videorolik tayyorlandi. Mahalla, ta’lim muassasalari hamda korxona va tashkilotlarda 10 mingdan ortiq uchrashuv, davra suhbatlari o‘tkazilgan.
Milliy kadrlar zaxirasida xotin-qizlar ulushini 30 foizga yetkazish maqsadida “Rahbar ayollar maktabi” o‘quv dasturiga muvofiq 53 nafar tinglovchi xotin-qiz o‘qitildi.
Siyosiy partiyalar tomonidan “Siyosatchi ayollar” to‘g‘risida yuzga yaqin media mahsulotlar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlar orqali yoritilgan. Shuningdek, partiyalarning ijtimoiy-siyosiy nashrlari (gazeta, jurnal) orqali gender tenglik mavzusiga oid 300 dan ortiq material chop etilgan.
Senatda 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2023 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosi muhokamasi jarayonida yuqoridagi raqamlar qayd etildi.
Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan senatorlar, ekspertlar, vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari tomonidan mehnat jamoalarida zo‘ravonlik turlari va ularning oldini olish bo‘yicha qisqa muddatli seminar-treninglar tashkil etilayotgani ta’kidlandi. Bunday tadbirlarga ikki mingdan ziyod ishtirokchi qamrab olingan.
Senatorlar Gender tenglikka erishish strategiyasida belgilab berilgan vazifa va chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish hamda bu boradagi ishlarni kuchaytirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirdi.
Muhokama jarayonida o‘z vaqtida bajarilmayotgan ayrim vazifalar ijrosiga e’tibor qaratilib, vazirlik va idoralarga tegishli tavsiyalar berildi.
Xususan, barcha davlat organlaridagi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha Maslahat kengashlari a’zolarini alohida dastur asosida o‘qitish, gender stereotiplarni bartaraf etishga qaratilgan video va audio materiallarni ommabop ijtimoiy tarmoqlar va bloglarda keng targ‘ib qilish, davlat boshqaruvi organlari mehnat jamoalarida zo‘ravonlik turlari va ularning oldini olish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quvlar qamrovini kengaytirish zarurligi aytildi.
N.Abduraimova, O‘zA