O‘zbekiston Respublikasi FVV mamlakatimiz aholisini issiq ob-havo sharoitida qanday harakatlanish kerakligi bo‘yicha ogohlantirdi. Unga ko‘ra, anomal issiqda quyidagi tavsiyalarga amal qilinishi maqsadga muvofiqdir.
1. Ko‘proq suv ichish
To‘g‘ri suv ichish tartibi organizm faoliyatini yaxshi ishlashi va suv-tuz balansinining me’yorlashtirilishiga qulay sharoitlar tug‘diradi. Issiq kunda suv iste’moli hajmini ko‘paytirish kerak. Bunda organizmning suv tanqisligini to‘ldirish uchun gazlangan yoki nektar suv yemas, aksincha, oddiy ichimlik suvini iste’mol qilish kerak. Surunkali kasallik mavjud bo‘lsa, shifokor tavsiyasiga rioya qilish kerak.
2. Uyda bo‘ling!
Eng issiq paytda, soat 12:00 dan 16:00 gacha ko‘chaga chiqmaslik va ayniqsa, quyosh tagida yurmaslikka harakat qiling. Kuningizni shunday rejalashtiring-ki, bu vaqtda yoki ishda, yoki uyda bo‘ling.
3. Ko‘proq dush qabul qiling
Muntazam ravishda tozalanish badanning effektiv nafas olishiga yordam beradi. Suv xona haroratidek bo‘lishi kerak. Unutmang! muzdek suv bilan yuvinish orqali tana haroratining keskin o‘zgarishi pnevmoniya kasalligiga olib keladi. Albatta, ochiq suv xavzalarda cho‘milish mumkin, ammo ta’qiqlangan havzalarda cho‘milish qat’iyan man etiladi.
4. Ertalab va kechqurun ko‘proq harakat qiling
Bunday issiq kunda kamharakatlilik gipertoniya, yurak-tomir kasalliklari va tromboz rivojlanishiga olib keladi.
5. Oziqlanish ratsionini o‘zgartiring
Issiq kunda ko‘proq sovuq taomlar iste’mol qiling. Yog‘lik sut va go‘sht mahsulotlarini iste’mol qilmang, ammo baliq va sabzavotlar maxsulotlaridan voz kechmang. Sutli mahsulotlar haqida alohida to‘xtalib o‘tish lozim-ki — rastalarda quyosh nuri tushib turgan hamda iste’molga yaroqlilik muddati o‘tib ketgan mahsulotlarni xarid qilmaslik kerak.
6. Albatta taomlarni tuz bilan tannovul qiling
Chunki yuqori haroratda, tananing terlashi natijasida ko‘p miqdorda natriy moddasi yo‘qotiladi. Sintetik matodan tayyorlangan kiyimlarni kiymaslikka harakat qiling.
7. Kepka, shlyapa yoki panamkalar kiyishdan uyalmang
Oftob urishi asosan bosh qiziganda sodir bo‘ladi. Aslida salomat bo‘lay degan inson, kamida kuniga 2 yarim 3 litr suv ichib turishi maqsadga muvofiqdir.
M.Eshmirzayeva, N. Abduvoitov, O‘zA