Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan o‘ziga xos, oqilona tashqi siyosat tufayli xalqaro hamkorlik aloqalari kengayib, ko‘plab mamlakatlar bilan bog‘langan rishtalar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilmoqda.
Tarixiy ildizlarga ega O‘zbekiston – Italiya do‘stona munosabati bunga yaqqol misol. Bugungi kunda ushbu ko‘p qirrali sheriklik telekommunikatsiya, fan, turizm, madaniyat, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot kabi turli sohalar bo‘yicha jadal rivojlanmoqda.
O‘zbekistonda Italiya investitsiyasi ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan 59 korxonaning 18 tasi 100 foiz xorijiy kapital asosida shakllantirilgan.
2021 yil 11 mart kuni Toshkentning Turin politexnika universitetida ochilgan “Confindustria” O‘zbekiston filiali Italiyadagi 150 ming ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish kompaniyalarini birlashtirgan va mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga hissa qo‘shadigan korxonalarni qo‘llab-quvvatlab keladi.
O‘zA muxbiri ikki mamlakat savdo-iqtisodiy hamkorligi bilan bog‘liq jarayon xususida Italiya – O‘zbekiston Savdo palatasi kengashi a’zosi Marko Farchi bilan suhbatlashdi.
– Janob Farchi, dastlab ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikning joriy holati haqida o‘quvchilarimizga ma’lumot bersangiz.
– Bugungi kunda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, sanoat, sog‘liqni saqlash, texnologiya, innovatsiya kabi turli sohalarda muhim shartnoma, anglashuv memorandumlari imzolangan. Bu ikki mamlakat ishbilarmon doiralarini yanada yaqinlashtirish, 200 dan ziyod kompaniya va tashkilot ishtirokida qo‘shma biznes-forum tashkil etish imkoni yaratildi. Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan ikki mamlakat ham manfaatdor.
Hozir texnologiya va innovatsiyalar sheriklikning asosiy yo‘nalishlaridir. Xususan, O‘zbekistonda zamonaviy milliy innovatsion tizimni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishganmiz. Hamkorlik jamoat, tadqiqot tashkilotlari salohiyatini oshirish, innovatsiyani, tadbirkorlikni rivojlantirish, ilm-fanga asoslangan startap va ilmiy-tadqiqot loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, raqamli ko‘nikmani, savodxonlikni oshirish, iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan.
Shuningdek, qayta tiklanadigan energiya, mashinasozlik, to‘qimachilik, charm sanoati va boshqa sohalarda qo‘shma ilmiy-tadqiqot faoliyati, akademik almashinuv, texnologiyalarni uzatish va innovatsion mahsulot, xizmatlarni tijoratlashtirishni o‘z ichiga oladi.
– Sa’y-harakatlar qanday natija beryapti?
Italiya savdo agentligi va O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish agentligi, har ikki mamlakatning uyushma, universitetlari qo‘shma tashabbusi bilan Toshkentda Italiya – O‘zbekiston ilg‘or muhandislik markazi (ITA-UZB Center) tashkil etilgani hamkorlikning yorqin samarasidir. Markaz yangi mahsulot ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha o‘quv, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini olib borish, mashinasozlik, to‘qimachilik va charm sanoati kabi sohalarda texnologiyalarni joriy etish, innovatsion diffuziyani osonlashtirishga qaratilgan.
2022 yil O‘zbekiston Italiyaga 48,68 million dollarlik tovar eksport qildi, bu 2021 yilga nisbatan 25 foiz ko‘p. Eksport asosini 25,66 million dollarlik trikotaj yoki to‘qilgan mato, 6,61 million dollar qiymatdagi kiyim-kechak, sink (6,33), paxta (6,02), 2,46 million dollarga teng ishlov berilmagan teri tashkil qildi.
O‘zbekiston Italiyadan 1,01 milliard dollarlik mahsulot import qildi, bu bir yil oldingi ko‘rsatkichdan 10 foiz ko‘p. Bu jarayonda mamlakatga, asosan, qadoqlangan dori-darmon (1,04 million dollarlik), avtotransport vositalari va ehtiyot qismlar (1,01 million dollarlik), yengil avtomobil (656 million dollarlik), tozalangan neft (608 million dollarlik) va bug‘doy (535 million dollarlik) kirib kelgan. Mashinasozlik va transport tarmog‘i yillik jami importning 32,4 foizini tashkil etgan.
– Qaysi mahsulotlarga o‘zaro talab kuchli?
– Italiyada O‘zbekistonning to‘qimachilik, oziq-ovqat mahsulotlari, charm buyumlari va asbob-uskunalariga talab yuqori, O‘zbekistonda esa Italiyaning qadoqlangan dori-darmon, avtotransport vositasi va ehtiyot qismlar, avtomobil va qayta ishlangan neft kabi tovarlari xaridorgir. Umuman, O‘zbekiston Italiyaga ko‘proq sanoat mahsulotlari eksport qilmoqda, bu mamlakat iqtisodiyoti diversifikatsiyasi, qo‘shilgan qiymat oshishida aks etmoqda. O‘zbekiston Italiyadan ko‘proq mashina va transport uskunalari import qilyapti. Bu sanoatlashtirish siyosatini rivojlantirish, infratuzilmani modernizatsiya qilishga ko‘maklashadi.
– Italiya ishbilarmon doiralari O‘zbekistondagi qaysi sohalarga qiziqish bildiradi? Ularni nima ko‘proq jalb qiladi?
– Italiya ishbilarmon doiralari O‘zbekiston bilan savdo, investitsiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, texnologiya, innovatsiya, ta’lim kabi turli sohalarda hamkorlik qilishdan manfaatdor. Ularni O‘zbekistonda xorijiy hamkorlar uchun taqdim etilayotgan islohotlar,yaratilayotgan keng imkoniyatlar, shuningdek, Markaziy Osiyoning strategik joylashuvi, potensial bozori jalb qilmoqda. Italiya hukumati ikki tomonlama munosabatni rivojlantirishni faol qo‘llab-quvvatlamoqda, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi muloqot va almashinuvni osonlashtirish uchun tadbirlar tashkil etmoqda.
– Janob Farchi, yana qanday aniq loyihalar amalga oshirish rejalashtirilgan?
– Italiya – O‘zbekiston ilg‘or muhandislik markazi tomonidan kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, tadqiqot va innovatsiya uchun platforma yaratish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish agentligi va Italiyaning “Sunmotive”kompaniyasi hamkorligi natijasida O‘zbekistondagi mavjud transport vositalarini gibrid transport vositalariga ekologik o‘zgartirish bo‘yicha qo‘shma loyiha ishlab chiqilgan. Mazkur loyiha issiqxona gazi chiqindisini kamaytirish va havo sifatini yaxshilashni nazarda tutadi.
Agentlik va Turin politexnika universiteti o‘rtasida vodorodning toza va qayta tiklanadigan energiya manbai sifatida salohiyatini oshirishga yo‘naltirilgan loyiha ham diqqatga sazovor.
– Sizningcha, O‘zbekiston – Italiya savdo hamkorligi kelajagi qanday?
– Fikrimcha, O‘zbekiston – Italiya savdo hamkorligi istiqbolli va jadal o‘sib borish xususiyatiga ega. Zero, ikki mamlakat ham iqtisodiy aloqani kengaytirish va diversifikatsiya qilish, o‘zaro manfaatli yangi imkoniyatlar yaratishdan manfaatdor. O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Italiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni, italiyalik investorlar va tadbirkorlarning O‘zbekiston bozori salohiyatiga ishonchi va qiziqishi ortib borishi shundan dalolat. Italiya sarmoyasini jalb qiladigan tarmoqlar sifatida tog‘-kon, metallurgiya, neft-kimyo, elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari, muhandislik va texnologiyalarni sanab o‘tish mumkin. O‘zbekiston va Italiya tashkilotlari o‘rtasida qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarish, transport vositalarini ekologik konvertatsiya qilish, “yashil” vodorod ishlab chiqarish va shunday energiyadan foydalanishni o‘z ichiga olgan qo‘shma loyiha va tashabbuslar amalga oshirilishi O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi istiqbolli hamkorlik rivojini ta’minlashi shubhasiz.
Nazokat Rajabova,
O‘zAning Italiyadagi muxbiri