Yoshlar siyosati va sport vazirligida Yoshlar ishlari agentligi va hamkor tashkilotlar ishtirokida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi “Yoshlar oyligi”ni samarali tashkil etish mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda “Yoshlar oyligi” doirasida o‘tkaziladigan ko‘plab yirik loyihalar, turli intellektual tanlovlar, seminar-treninglar, biznes marafonlar, sport musobaqalari hamda gala-konsertlarni o‘tkazish to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etilib, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Xususan, 30 iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida “Yoshlar oyligi” hamda “Yoshlar kuni”ni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish maqsadida Yoshlar ishlari agentligida Respublika shtabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Oylik doirasida 3-10 iyun kunlari harbiy vatanparvarlik tadbirlari, jumladan, harbiy-vatanparvarlik festivali, harbiy qismlarga tashrif, “General va yoshlar” uchrashuvi, Harbiy orkestr va ansambllar chiqishi, Amir Temur spartakiadalarini tashkil etish belgilandi.
12-17 iyun kunlari intellektual o‘yinlar, xususan, “Zakovat” intellektual o‘yini, “Breyn-ring” musobaqasi, Chet tillari marafoni, “Munozara” turnirlari, “Shaxmat”, “Shashka” musobaqalari, “Kubik-rubik” musobaqalari tashkil etiladi.
Shuningdek, 19-24 iyun kunlari sport salomatlik musobaqalari tashkil etilib, uning doirasida yugurish marafoni, mini-futbol musobaqasi, stol tennisi musobaqasi, voleybol, strit vorkaut musobaqalari tashkil etiladi.
Oyning 26-30 iyun kunlari esa madaniyat san’at va turizm tadbirlari amalga oshirilib, “Karaoke”, raqs tanlovlari, QVZ tadbiri, teatr va ko‘chma kino namoyishlari amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, “Besh tashabbus olimpiadasi” tanlov va musobaqalarining respublika final bosqichlarini belgilangan reja-jadval asosida o‘tkaziladi. “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida barcha hududlarda yoshlar sayllari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar “mahalla – tuman (shahar) – hudud – respublika” darajasida tashkil etilishi belgilandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA