Yurtimizda voyaga yetmaganlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash, bolaning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘liq rivojlanishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Zero, davlat bolaning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishda bosh islohotchi hisoblanadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 77-moddasida ham davlat va jamiyat yetim bolalarni hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqishni, tarbiyalashni, ularning ta’lim olishini, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishini ta’minlaydi, shu maqsadda xayriya faoliyatini rag‘batlantiradi, deb belgilab qo‘yildi. Demak, davlat bola huquq va manfaatlarining himoyasini, har tomonlama rivojlanishiga sharoit yaratishni o‘z zimmasiga olar ekan, buning uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining yig‘ilishida muhokama qilingan qonun loyihasi ham ayni bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.
“Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 77 va 85-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksining 77-moddasi yangi qism bilan to‘ldirilib, o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun (o‘ta og‘ir jinoyatlar bundan mustasno) shaxs jazoni o‘tab bo‘lganidan so‘ng sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, 85-moddada voyaga yetmaganga nisbatan tayinlanadigan ozodlikdan mahrum qilish jazosining eng kam muddatini olti oydan bir oyga tushirish nazarda tutilyapti.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligini yanada liberallashtirib, voyaga yetmagan davrida sodir etgan jinoyati uchun jazoni to‘liq o‘tab bo‘lgan shaxsga o‘z hayotini sudlanganlik tamg‘asidan xoli tarzda yangidan boshlashiga imkon beradi.
Fraksiya a’zolari qonun loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha partiya dasturiy maqsad-vazifalaridan kelib chiqqan holda fikr-mulohaza va takliflarni bildirdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA