2025 yil 20 yanvarda so‘ngi to‘rt yil AQSHni boshqargan Jo Baydenning davlat rahbari sifatidagi vakolati tugaydi. Ayni payt dunyoning ko‘plab OAV uning prezident sifatidagi faoliyatini atroflicha tahlil qilmoqda.
Xususan, G‘azo sektoridagi vaziyat masalasida Isroilni qo‘llab-quvvatlagani bois, Jozef Baydenga nisbatan mamlakat ichkarisida va xorijda turlicha munosabat shakllandi.
Jismoniy va hissiy holatiga oid ko‘plab tanqidiy bayonotlarga qaramay, Bayden ahvoli qoniqarli ekanini ta’kidladi va yetakchilik vazifasini bajarishda davom etdi. 78 yoshida Oq uyni egallagan siyosatchi yoshi va sog‘lig‘i tufayli prezidentlik poygasidan voz kechish taklifini uzoq vaqt rad etib keldi.
Xorijiy OAV yozishicha, Baydenning Isroil mavzusiga yondashuvi inson huquqi muammolari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar hamda musulmon jamoatchiligida keskin salbiy fikr uyg‘otdi.
Yaqin Sharqda tinchlik sa’y-harakatini qo‘llab-quvvatlashga va’da berganiga qaramay, u Falastin aholisi azob-uqubatiga e’tibor bermagani uchun tanqid qilinadi. Amaldagi Prezidentning G‘azodagi “amaliyot” Isroil uchun o‘z “xavfsizligi”ni ta’minlash zaruratidan kelib chiqqani xususidagi bayonotlari ikki tomonlama standart siyosatini aks ettirgandek bo‘ldi.
– Qo‘shma Shtatlar Isroilni qo‘llab-quvvatlaydi, – degan edi Bayden 2023 yil oktyabrda Oq uydagi brifing chog‘i. – Biz yahudiy va demokratik Isroil davlati har doimgidek bugun va ertaga o‘zini himoya qila olishiga ishonch hosil qilamiz.
Joriy yil aprel oyida yetakchi Ukraina, Isroil va Tayvanga 95 milliard dollarlik harbiy yordam ko‘rsatish loyihasini imzoladi. Shundan 61 milliardi Ukraina, 26 milliardi Isroil uchun mo‘ljallangan.