Iqtisodiyotning barcha sohalariga faol va keng miqyosda joriy etilayotgan Sun’iy intellekt (SI) mehnat bozori, raqamli infratuzilma, ta’minot zanjiri kabi turli jabhada inqilob qilib, global iqtisodiyotni tubdan o‘zgartirishga kirishdi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab bandlikning qariyb 40 foizi SI ta’sirida, ayrim tarmoqlar esa avtomatlashtirishga ko‘proq moyil.
“Kazinform” yozishicha, 2300 yilga borib sun’iy intellekt inson aql-zakovati darajasiga yetishi va bir yilda jahon iqtisodiyotiga 4,4 trillion dollar qo‘shishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Hozirgacha Braziliya, Xitoy, AQSH, Singapur, Janubiy Koreya, shuningdek Yevropa Ittifoqidan jami 60 davlat ayni yo‘nalishda o‘z strategiyasini ishlab chiqqan. Bu hujjatlar umumiy ko‘rsatmadan tortib, YeI hududida bo‘lganidek, foydalanishni tartibga soluvchi batafsil qonunlargacha qamrab olgan.
Tabiiyki, bu borada xalqaro darajadagi sa’y-harakatlar ham jadal rivojlanmoqda. 2020 yil sun’iy intellekt bo‘yicha Kanada, Yaponiya, AQSH singari 29 davlatni birlashtirgan Global hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, maxsus qoidalar hali ishlab chiqilayotgan bo‘lsa-da, tashkilotlar huquqiy va moliyaviy xavfdan qutulish uchun hozirdan harakat boshlashi muhim.
XVJ tomonidan taqdim etilgan indeksga ko‘ra, 2023 yil sun’iy intellektni joriy etishga tayyor davlatlar orasida Singapur, Daniya va AQSH yetakchilik qilgan. Singapur sun’iy intellektni rivojlantirish va davlat xizmatchilari uchun muayyan vositalar yaratishga faol sarmoya kiritib, fuqarolarga zarur texnologiyani qisqa fursatda o‘zlashtirishga yordam bermoqda.
Tayyorlik me’yori asosida to‘rt asosiy omil baholanadi: raqamli infratuzilma, inson kapitali, texnologik innovatsiya va qonunchilik bazasi. 174 davlat orasida Janubiy Sudan, Afg‘oniston, Somali kabi Afrikaning qator davlatlari jarayonga eng kam tayyorgarlik ko‘rgani aytilgan.