Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada rivojlangan davlatlarning tajribalari o‘rganilmoqda. Jumladan, Xitoy tajribasi ilgari surgan usullar mintaqamiz va mentalitetimizga mos kelgani bois uni mamlakatimizda joriy etishga kirishilmoqda.

Ana shular xususida O‘zA muxbiri Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktor o‘rinbosari, iqtisodiyot fanlari nomzodi Muhsinjon Xolmuhamedov bilan suhbatlashdi.

– O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Xitoy tajribasi ilgari surilgan edi, bu qanday natija beradi?

– Darhaqiqat, Xitoyning kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tajribasi dunyoda e’tirof etilgan. Ya’ni ular oxirgi 40 yilda 800 million nafar aholini kambag‘allikdan chiqarishga muvofiq bo‘lishgan. Bilamizki, Xitoyda 2+3 kafolatlar tizimi asosida odamlarga munosib turmush tarzi, qashshoqlikdan chiqarish tizimi yaratilgan.

Kambag‘allik avloddan-avlodga o‘tib boradigan hodisa bo‘lib, bunda eng katta va hal qiluvchi kuch davlat hisoblanadi. Xitoy ta’lim tizimiga, sifatli sog‘liqni saqlash tizimiga va arzon uy-joy masalalariga alohida e’tibor qaratgan. Shuning uchun bu mamlakatda 5 kafolatga ega bo‘lgan shaxs nafaqat o‘zi, balki avlodini ham kambag‘allikdan chiqarishi uchun asos shakllantirgan. Bu tajribani O‘zbekiston miqyosida qo‘llash bo‘yicha tizimli ishlar, me’yoriy hujjatlar, yo‘l xaritalari strategiyalar ishlab chiqilmoqda. Xususan, mamlakatimizda bugungi kunda ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan, kambag‘al qatlamga imtiyozli kreditlar, subsidiyalar ajratilmoqda.

– Subsidiya, imtiyozli kreditlar bilan aholini kambag‘allikdan chiqarish mumkinmi?

– Dunyodagi kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha o‘tkazilgan ko‘plab tadqiqot va tajribalar shuni ko‘rsatadiki, subsidiya, imtiyozli kreditlar bilan aholini kambag‘allikdan chiqarish mumkin. Masalan, hududlarda fuqarolarimizga sifatli ta’lim berish, zamonaviy mehnat bozoriga kerak bo‘lgan sohalarga, kasb-hunarlarga o‘rgatish va ularning mustaqil faoliyatini boshlashi, daromad olish uchun subsidiya, imtiyozli kreditlar berish dasturlari amalga oshirilmoqda.

To‘g‘ri, bu hamma joyda 100 foiz o‘zini oqlamagandir. Lekin odamlarda faol ruhiyat, tadbirkorlikka bo‘lgan shijoatni ko‘rsatish, ya’ni o‘zining imkoniyatlarini to‘la namoyon qilish uchun sharoit yaratildi.

– Mamlakatimizda qaysi mezonlar asosida kambag‘allik belgilanadi?

– Kambag‘allikni o‘lchash masalasi juda muhim. 2021 yilgacha O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi hech qachon hisoblab chiqilmagan. Kambag‘allik chegarasi butun dunyoda har xil o‘lchanadi. Qayerdadir nisbiy, qayerdadir absolyut ko‘rsatgichlar. O‘zbekistonda birinchi marta aholini iste’moldagi xususiyatlari borasida so‘rovnomalar, tadqiqotlar o‘tkazildi. Yaxshi kaloriyali ovqat yeyish, tibbiy xizmat olish va boshqa xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlarni hisoblab chiqib, minimal iste’mol xarajatlari degan tushuncha va metodologiya ishlab chiqildi. Ana shulardan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirgi kunda kambag‘allik darajasi 14,1 foiz tashkil etadi.

Yaqinda poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni hayotga tatbiq etish” II Xalqaro forumida ham ko‘plab xorijlik ekspertlarning fikri bilan tanishdik. Quvonarlisi, ekspertlar bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi. O‘zbekistonning kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha boy tajribasi va yutuqlari e’tirof etildi.

Kambag‘allikni qisqartirishda eng birinchi masala — insonlarning psixologiyasini o‘zgartirishdir. Ya’ni, odamlarda berilayotgan erkinliklar va amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘proq foydalanish istagi bo‘lishi kerak. Ta’lim, tadbirkorlik yoki boshqa sohalarmi, eng avvalo, mustahkam g‘oya va ishonch muhim.

Kambag‘allikni qisqartirish maqsadida aholiga imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. Bugungi kunda ko‘pchilik fuqarolarni o‘ylantirayotgan masala — kredit foiz stavkalarining yuqoriligi va milliy valyutaning qadrsizlanishi. Bu kambag‘allik darajasini oshirmaydimi?

– Afsuski, bu bo‘yicha universal tavsiya yo‘q. Butun dunyo 2020-2021 yillarda global pandemiyaga duch keldi. Juda ko‘p chegaralar yopildi. Ya’ni tovarlar aylanishiga cheklov qo‘yilgani, ko‘plab mahsulotlar tanqisligi yuzaga keldi.

Hozir ham dunyo bo‘yicha oziq-ovqat yetishmovchiligi va inflyatsiya oshib ketyapti. Bundan tashqari, energiya manbalarining narxi o‘smoqda. Bu nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda bo‘layotgan hodisa. Buning yana bir omili rivojlangan davlatlar o‘zining aholisiga pul mablag‘larini pechat qilib bosmadan chiqarib berdi. Ya’ni uning manbasi yo‘q. Manbasi bo‘lmagan pul esa inflyatsiyani keltirib chiqaradi. Pul massasi kam, tovarlar ko‘p bo‘lgandan keyin qayerda bo‘lmasin, defektini ko‘rsatadi.

Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda inflyatsiyaning oldini olish borasida ham muhim ishlar amalga oshirilyapti. 2024 yilga borib, inflyatsiya darajasini 5 foizgacha tushirish maqsad qilingan. Mana, bu yil inflyatsiya darajasi 2 chorakda keskin tushdi. Hozir inflyatsiya darajasi 2,5 foizga tushirilmoqda. Yillik surati esa 10 foizdan oshirilmasligi to‘g‘risida barcha chora-tadbirlar belgilangan.

Moliyaviy ehtiyojlar va resurslar o‘zining qiymatiga ega. Ya’ni bir so‘m pul ertaga qo‘shimcha foyda olib kelishi lozim. Afsuski, moliyaviy jihatdan xalqaro maydonda resurslarning tanqischiligi nuqtai nazardan banklarimizning foiz stavkalari juda yuqori. Lekin bu cheklov bo‘lishi kerak emas. Moliyaviy mablag‘lar topiladi. Odam o‘z xarajatlarini qisqartirib ham pul jamg‘arishi, ko‘paytirish bo‘yicha tajriba to‘plashi mumkin. Bu bo‘yicha universal tavsiya yo‘q. Ammo harakat qilinmasa, natija bo‘lmaydi.

Jahon bankining 2023-yilda kutilayotgan prognozlariga ko‘ra, dunyoda 28 mln.dan 40 mln. nafargacha odam kambag‘allik tuzog‘iga tushadi. Bu — kambag‘allikning dolzarbligi hali ham pasaygani yo‘q, degani. O‘zbekistondagi hozirgi holatni o‘rganadigan bo‘lsak, 2022 yilning o‘zida 1 mln. odam kambag‘allikdan chiqarildi. Bu mamlakatimizning mahalla kesimida olib borayotgan siyosati samaradorligidan dalolat.


Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA