Qatar Davlatining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Hasan bin Hamza Hoshim Qatar axborot agentligi (QNA)ga bergan intervyusida mamlakat Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning mamlakatimizga tashrifi ikki tomonlama munosabatni, ayniqsa, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qilish uchun muhim imkoniyat ekanini tasdiqladi.
Diplomat shu kunlarda tomonlar qator hujjatlar, jumladan, bojxona sohasida hamkorlik, ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish, Qatarda O‘zbekiston ishchi kuchidan foydalanish to‘g‘risidagi bitimlarni kuchga kiritishi, o‘zaro investitsiyani rag‘batlantirish va himoya qilish, diplomatik pasport egalarini vizadan ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishishi kutilayotganini ta’kidladi.
Savdo ayirboshlashni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
– Yaqin kelajakda to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi yo‘lga qo‘yilishini intiqlik bilan kutyapmiz, bu ikki mamlakat iqtisodiyoti va turizmini qo‘llab-quvvatlaydi, – deya qo‘shimcha qildi Elchi. – Shuningdek, ishbilarmonlarning o‘zaro tashriflari va uchrashuvlarini tashkil qilish, har ikki tomonda mavjud sarmoyaviy imkoniyat, biznes salohiyatini o‘rganish, hukumatlar tomonidan taqdim etilayotgan ko‘plab imtiyoz, qulayliklardan foydalanish nazarda tutilgan.
Hasan bin Hamza Hoshim Qatar yurtimizda Qatar bilan «Nebras Energy», «Barzan» kompaniyalari ishtirokida investitsiya loyihalari amalga oshirilayotgani, Qatar bozorida esa qo‘shma kapital bilan oltita o‘zbek korxonasi faoliyat yuritayotganini urg‘uladi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA