Fransuz tili bo‘yicha diktant yozuvchilar uchun Parij shahridagi Yelisey maydonida yuzlab maktab partalari o‘rnatildi. Tashkilotchilar ma’lum qilishicha, ushbu tadbir ishtirokchilar soni bo‘yicha Ginnes rekordiga da’vo qiladi, deb yozmoqda “RIA Novosti”.
Yakshanba kuni Parijning bosh xiyobonida odatiy mashina oqimi o‘rniga tekis qilib maktab partalari joylashtirildi. Bu yerda yoshi 10 dan oshgan har kim Bodler va Balzak tilida bilimini sinab ko‘rishi mumkin edi. Xohlovchilardan faqat shahar meriyasi saytida ro‘yxatdan o‘tish talab qilindi.
Xabarda aytilishicha, tepadan oftob urishiga qaramay, maydonda bo‘sh o‘rin qolmagan. Diktant yozish uchun Yelisey maydoniga maktab o‘quvchilari, talabalardan tortib, keksa fransuzlargacha kelgan. Zafar arkasida o‘rnatilgan bolalikdagi yozuv taxtasini eslatuvchi sahnada shunday so‘zlar bitilgan: ishtirokchilarga yozish, xatosini to‘g‘rilash uchun matn uch marta o‘qib eshittiriladi. Kim bitta ham xatoga yo‘l qo‘ymasa, g‘olib chiqadi.
Shahar hukumati kun davomida bolalik, zamonaviylik va sport mavzusida jami uch xil diktant tashkil qildi. Har bir mashg‘ulotda 1700 kishi ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldi.
Tadbir tashkilotchilari jahon rekordini o‘rnatmoqchi. Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, sinovda 5000 kishi ishtirok etgan. Fransuz matbuoti yozishicha, shahar meriyasi jami 40 ming da’vogardan ariza qabul qilib olgan.
Ommaviy diktant yozish bo‘yicha avvalgi rekord 2018 yil qayd etilgan. O‘shanda Fransiyaning Stad-de-Frans stadionida 1 473 kishi diktant yozgandi.