O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati Argentinada o‘tgan U-20 jahon chempionatida ishtirok etib kelgan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bilan uchrashdi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbari Abdusalom Azizov terma jamoamiz a’zolariga jamoatchilik nomidan mundialdagi ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi. Chempionatdagi natijalar, futbolchilarimizning imkoniyatlari tahlil qilingan holda qaysi yo‘nalishlarda texnik-taktik mahoratni oshirish bo‘yicha fikrlar bildirildi.

Ushbu futbolchilarimizga ishonch bildirilib, o‘z ishiga professional yondashilsa, imkoniyatlardan unumli foydalanilsa kelajakda olimpiya va milliy jamoalardan mustahkam joy egallashi mumkinligi ta’kidlandi.

O‘z navbatida, jamoa bosh murabbiyi Ravshan Haydarov, yetakchi futbolchilar Umarali Rahmonaliyev, Abbosbek Fayzullayev davlatimiz tomonidan ko‘rsatilgan e’tibor va yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirishdi, deyiladi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabarida.

T.RO‘ZIEV, O‘zA