Bugun, 4 iyun kuni Boku shahrida taekvondo WTF bo‘yicha kattalar o‘rtasida poyoniga yetib borayotgan jahon chempionatining so‘nggi kunida erkaklar + 87 kilogrammda, ayollar 53 kilo og‘irlikda dunyoning eng kuchli sportchilari bo‘lish uchun maydonga chiqadi.
Yetti kundan beri davom etayotgan jahon chempionatining oxirgi kungi bashlarida +87 kilo og‘irlikda Marat Mavlonov, 53 kilogrammda Sitora Ergasheva yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Kecha o‘tkazilgan bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, Feruza Sodiqova O‘zbekiston terma jamoasi medallar jamg‘armasiga yana bitta medalni qo‘shib qo‘ydi. 62 kilo og‘irlikda kurash olib borgan hamyurtimiz shiddatli bahslar mobaynida Bolgariya, Latviya, Vengriya kabi davlatlar taekvondochilarini mag‘lub etdi. Final ostonasidagi murakkab jangda terma jamoamiz a’zosi o‘tgan yilgi jahon chempionati finalchisi braziliyalik Kerolayn Santosga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib, bronza medali bilan kifoyalandi.
Aytish lozimki, hamyurtimiz sovrindor bo‘lgan sportchilarni taqdirlash marosimida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlarga medallarni taqdim qilganligi musobaqaning o‘ziga xos voqeligi bo‘ldi.
Olti kunlik bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, medallar jamg‘arish borasida 3 tadan oltin medalga ega Janubiy Koreya va Turkiya jamoalari yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, ulardan keyingi pog‘onalarni 2 tadan oltin medalli Xorvatiya va Fransiya jamoalari egallab turibdi.
O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta kumush, 3 ta bronza medali bilan ro‘yxatning 10-qatoridan joy olgan.
Eslatib o‘tamiz, yakunlanayotgan jahon chempionatida yuzdan ziyod davlatning ming nafarga yaqin taekvondochisi medallar uchun hamda “Parij–2024” Olimpiadasining reytingidagi o‘rinlarini mustahkamlash maqsadida kurash olib bordi.
T.RO‘ZIEV, O‘zA