Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida dzyudo bo‘yicha davom etayotgan Gran-Pri turnirining ilk kunida 9 nafar dzyudochimiz medallar uchun kurash olib bordi.

Shiddatli bahslar yakuniga ko‘ra, 52 kilogramm vazn toifasida barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan terma jamoamiz a’zosi Shukurjon Aminova xalqaro turnirning oltin medaliga musharraf bo‘ldi.

Tojikiston poytaxtida Shukurjon Aminovaning g‘alabasi sharafiga O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz baralla yangradi.

Mukofot jamg‘armasi 100 000 yevrodan iborat musobaqaning 3 iyun kungi dasturida erkaklar 73, 81, ayollar 63 va 70 kilo og‘irlikda sovrinli o‘rinlar hamda “Parij-2024” Olimpiadasining reyting ochkolari uchun bahslarga kirishadi.

Bugun Dushanbe tatamisida kechadigan bellashuvlarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Shahram Ahadov, Javohir Saparov, Hikmatulloh To‘rayev, Muso Sobirov, Sevinch Isoqova, Farangiz Hojiyeva, Shohista Nazarova va Nodira Yo‘ldosheva ishtirok etadi.

Ortda qolgan bahslar sarhisobiga ko‘ra, Tojikiston, O‘zbekiston, Sloveniya terma jamoalari 1 tadan oltin medalga ega chiqqan holda, 40 ta davlat orasida yetakchilik qilmoqda.

“Parij-2024” Olimpiadasining reyting ochkolarini taqdim etadigan Gran-Pri musobaqalari 4 iyunga qadar davom etadi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA