Prezidentning tegishli farmoni bilan 2023 yil 1 sentyabrdan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlariga o‘z o‘rinbosarlarini ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish, ajratilgan umumiy soatlar doirasida o‘quv rejalariga 15 foizgacha o‘zgartirish kiritish masalalarini mustaqil hal qilish huquqi beriladi.
Tuman, shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarining umumiy o‘rta ta’lim muassasalari faoliyatini tekshirish va ta’lim sifatini baholash bo‘yicha vakolatlari bekor qilinadi.
Shuningdek, 2024 yil 1 yanvardan davlat bog‘cha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagoglariga malaka toifasini berishning yangi tartibi joriy qilinadi.
Davlat bog‘cha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagoglariga malaka toifasi uchun sinovlar 1 yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda o‘tkaziladi.
Maktabga birinchi marta ishga qabul qilinayotgan o‘qituvchilarni kasbiy sertifikatlash joriy etiladi.
2024 yil 1 iyundan bog‘chalardagi oliy ma’lumotli tarbiyachilarning oyligi maktab o‘qituvchilari oyligiga tenglashtiriladi.
O‘zAning shu kabi qisqa videolarini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida kuzatib boring.
Farrux Xudoyorov, Iskandar Ismatov (video), O‘zA