Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasining yetakchi oliy ta’lim muassasalari xalqaro ta’lim xizmatlari bozorida o‘zining raqobat mavqeini mustahkamlashga harakat qilmoqda.

Dunyoning eng nufuzli reyting tashkilotlaridan biri hisoblangan “Times Higher Education” (THE) 2023 yil natijalarini e’lon qildi.

Reytingning asosiy maqsadi Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan 2030 yilga qadar mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda oliy ta’lim muassasalarining  ta’sirini baholashdan iboratdir.

“THE University Impact Rankings”  umumiy reytingida ishtirok etish uchun universitet kamida to‘rtta BRMni amalga oshirishda ishtirok etishi kerak. O‘tgan yilda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ilk bor ushbu reytingga kiritildi va jahonning eng yaxshi 1000+ universitetlari qatoridan joy oldi.

Ilk urinishdayoq bunday natija qayd etish universitet jamoasi uchun o‘zi tanlagan yo‘li va maqsadlaridan og‘ishmay harakat qilishi lozimligini anglatdi.

Universitetda barqaror rivojlanish maqsadlarining barcha yo‘nalishlarida samarali faoliyat yo‘lga qo‘yilganini 2023 yil natijalari ham ko‘rsatib turibdi. Bu yil natijalariga ko‘ra Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dunyoning eng yaxshi 600+ OTMlari qatoridan joy oldi. Ikkinchi yildagi ishtirokning o‘zidayoq qariyb 400 o‘ringa yuqorilash misli ko‘rilmagan ijobiy natijadir. Ayniqsa, gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlar ta’limiga qaratilayotgan e’tibor bo‘yicha dunyoning top 20 ta universiteti qatoridan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining ham  o‘rin egallagani juda quvonarlidir.

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlar ta’limiga qaratilayotgan e’tibor bo‘yicha dunyoning top 20 ta universitetlari qatoridan joy egalladi. Bundan tashqari, universitet ta’lim sifati ko‘rsatkichi bo‘yicha 201+, qashshoqlikka barham berishga ko‘maklashish bo‘yicha ham 200+, tinchlik va adolatli ta’limni kafolatlash ko‘rsatkichida ham 200+, muvaffaqiyatli hamkorlik bo‘yicha 800+ natijani qayd etdi. Shunday qilib, ushbu universitetning umumiy ko‘rsatkichlari dunyoning top 600+ universitetlari qatorida qayd etilishi uchun yetarli bo‘ldi. Bu eng avvalo universitetda ta’lim va tarbiya jarayonining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani, jamoaning tizimli va samarali faoliyati natijasidir.

Bu yil universitet mazkur reyting doirasida O‘zbekiston OTMlari orasida yetakchilik qilmoqda.

 

N.Usmonova,

O‘zA