Hindistonning Odisha shtatida ro‘y bergan poyezdlar to‘qnashuvi natijasida halok bo‘lgan yo‘lovchilar soni soat sayin ortib bormoqda. Avval 120 kishi halok bo‘lgani haqida aytilgan edi. Hozirga kelib qurbonlar soni 288 kishiga yetgan va bu raqam yana o‘zgarishi mumkin, deyilmoqda Frans Press agentligi tarqatgan xabarda.
Avvalroq Indian Express nashri 233 kishi halok bo‘lgani, 900 kishi jarohat olgani haqida yozgan edi.
Poyezdlar juma kuni Balasor shahriga yaqin joyda to‘qnashgan. Faktlar aniqlashtirilgandan keyin ma’lum qilinishicha, Kalkuttadan Chennayga qarab ketayotgan 10-12 vagondan iborat yo‘lovchi poyezd yuk poyezdi bilan to‘qnashib, izdan chiqib ketgan va yondosh yo‘lga ag‘nagan. Bir oz vaqt o‘tib, yana bir yo‘lovchi poyezd unga kelib urilgan. Natijada yana uch-to‘rtta vagon relsdan chiqib ag‘nagan.
Qutqaruv ishlariga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha milliy kuchlarning yuzlab xodimlari jalb qilingani aytilmoqda. Ko‘plab yo‘lovchilar ag‘darilgan vogonlar ostida qolgan bo‘lishi mumkin, deyiladi xabarda.