Yevropa parlamenti Vengriya 2024 yil ikkinchi yarmida rotatsiya yo‘li bilan YeI kengashiga raislik qilish vazifasini bajarishi yuzasidan yetarli darajada salohiyatga egaligiga shubha bildirdi. “Yevronyus” deputatlar ushbu masalada mutlaq ko‘pchilik ovoz bilan tegishli qaror qabul qilganini yozgan.
Aytilishicha, Vengriyada fundamental huquq buzilishi kuchayib boryapti, YeI tomonidan Budapeshtga berilgan milliardlab yevro muzlatib qo‘yilgani sababli, Vengriya bu muhim vazifani bajara olishi dargumon.
“Yevropa parlamenti bir ovozdan Vengriyadagi qonun ustuvorligi bilan bog‘liq vaziyat yomonlashib borayotganidan chuqur xavotir bildiradi”, dedi ma’ruzachi Gvendolin Delbos-Korfild.
– So‘nggi yillari Vengriyada qonunlar parlamentning yetarlicha nazoratisiz qabul qilingan, – deyiladi tegishli rezolyutsiyada. – Deputatlar YeI davlatlarini bu borada “mos yechim” topishga chaqiradi. Aks holda Yevroparlament tegishli choralar ko‘rishi mumkin.
Vengriya adliya vaziri Yudit Vargabu mazkur rezolyutsiyani tanqid qilib, Budapesh YeIga raislik qilishga hozirlik ko‘rayotganini aytdi.
YeI Vengriya uchun ajratilgan 30 milliard yevroga yaqin mablag‘ni, jumladan Yevropa jamg‘armasining pandemiyadan keyin iqtisodiyotni tiklash uchun mo‘ljallangan 12 milliard yevrolik yordami va imtiyozli kreditini bloklamoqda.