O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasida strategik hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bankning ko‘magi bilan energetika, irrigatsiya va kommunal tarmoqlarni modernizatsiya qilish, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash yo‘nalishlarida qator loyihalar amalga oshirildi.
O‘tgan yili ushbu nufuzli xalqaro moliya tashkiloti direktorlar kengashi mamlakatimiz bilan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini tasdiqladi.
Uchrashuvda hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, xususiy sektorda inklyuziv bandlikni ko‘paytirish, inson kapitalini rivojlantirish, yashil iqtisodiy o‘sish orqali farovonlikni oshirish va barqaror rivojlanishni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida Senat raisi bugungi kunda kambag‘allikni qisqartirish masalasiga zamonaviy yondashuvlar asosida birgalikda yechim topish, ularni izchil amalga oshirish dolzarb bo‘lib borayotgani, shu munosabat bilan yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirishning drayveri hisoblangan xususiy sektor va tadbirkorlik sub’ektlariga sarmoyalarni jalb etishda Bankning ko‘magi muhimligini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, inklyuziv ta’lim va nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali O‘zbekistonda inklyuziv siyosatning yangi vazifalarini belgilashda Jahon bankining faol ishtiroki ahamiyatli ekani qayd etildi.
Antonella Bassani samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Jahon banki O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlikning istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlarini aniqlab olish va bu borada aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidlab o‘tdi.
O‘zbekistonning bolalar mehnati va majburiy mehnatni bartaraf etish borasidagi sa’y-harakatlari va uning natijalariga alohida to‘xtalib, bu harakatlar munosib mehnat standartlari doirasida davom ettirilayotgani quvonarli hol ekani, mazkur yo‘nalishda Jahon banki bundan keyin ham O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
“Albatta, gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida juda katta ishlar qilinmoqda, bu yo‘nalishda ham birgalikdagi ishlarimizni kuchaytiramiz”, dedi A.Bassani.
Suhbat asnosida O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish imkonini beradigan tarmoqlararo yo‘nalishlarga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, gender tenglikni ta’minlash, fuqarolarning siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonidagi ishtirokini faollashtirish va davlat organlarining jamoatchilik oldidagi hisobdorligini kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston hamda Jahon banki o‘rtasida turli sohalarda hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarni yanada kengaytirishga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA