O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Advokatlik guvohnomasini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra, advokatlik guvohnomasini berish, yo‘qotilgan va yaroqsiz holga kelgan guvohnoma o‘rniga yangisini berish davlat xizmati muddatlari hamda talab qilinadigan hujjatlar soni qisqaradi.
Advokatlik guvohnomasini maxsus QR-kod qo‘yilgan holda berish tartibi joriy etiladi va bu orqali advokatning maqomi haqida ma’lumot olish imkoniyati yaratiladi.
Advokatlik guvohnomasini berish tartibi to‘g‘risida Nizom 2023 yil 1 iyuldan boshlab amal qila boshlaydi.
Guvohnoma olish uchun talabgor “Yuridik yordam” elektron axborot tizimi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarga murojaat qiladi.
Adliya organi tomonidan ariza ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi va talabgorga advokatlik guvohnomasi beriladi.
Advokatlik guvohnomasi talabgor faoliyat yuritayotgan advokatlik tuzilmasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan joy bo‘yicha o‘n yil muddatga beriladi va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida amal qiladi.
Talabgorga advokatlik guvohnomasi berilganligi to‘g‘risida adliya organi Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasiga xabarnoma yuboradi.
2024 yil 1 yanvarga qadar qog‘oz shaklidagi advokatlik faoliyati uchun litsenziyalar to‘lov undirmasdan almashtirib beriladi.
O‘zA