FOTOREPORTAJ
Nukus shahrida “Ayol – jamiyat ko‘zgusi” mavzuida madaniy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, “Hunarmand” uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, “Oqila ayollar” harakati a’zolari, mahallalardagi faol ayollar ishtirok etdi.
Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasining joriy yil 23 maydagi majlis bayonida ko‘rsatilgan topshiriq va vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbir xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada oshirish, ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzi va kiyinish odobini targ‘ib qilish maqsadiga qaratilgan.
Tadbir doirasida “Milliy liboslarda zamonaviy va an’anaviy qadriyatlar uyg‘unligi” mavzuida liboslar namoyishi o‘tkazildi. Unda yosh dizaynerlar o‘z liboslar kolleksiyasi bilan qatnashdi.
Har jabhada faollik ko‘rsatgan bir guruh xotin-qizlar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tayyorlangan konsert dasturi tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA