Nukusda “Ishsiz ayollarni tadbirkorlik ko‘nikmalariga, moliyaviy savodxonlikka o‘rgatish, yangi ish o‘rinlari yaratish orqali odam savdosining oldini olish” mavzusidagi uch kunlik seminar-trening o‘z ishini boshladi.

Uning ochilish marosimida AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning O‘zbekistondagi missiyasining direktori Mikaela Meredit, “Tadbirkor ayol” Xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Burhon Shermatov ishtirokchilarni qutlab, tadbirning maqsad va vazifalari haqida so‘z yuritdi. Xavfsiz migratsiya va tadbirkorlik, shuningdek, migrantlar va odam savdosi jabrlanuvchilariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam ko‘rsatish bo‘yicha treninglar Winrock International tomonidan amalga oshirilayotgan USAIDning Markaziy Osiyoda xavfsiz migratsiya dasturining bir qismidir. Dastur odam savdosining oldini olish, jabrlanuvchilarni himoya qilish va xavfsiz migratsiyani rivojlantirishga qaratilgan. USAID hozirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida tadbirkorlik kurslarini o‘tkazmoqda. Treninglar natijasida USAID jami 520 million so‘m (45 ming AQSH dollari) bo‘lgan asbob-uskunalar uchun mablag‘ olish maqsadida 16 biznes taklifni tanlab oladi.

– Men o‘n besh yildan ziyod vaqt davomida Rossiyada ishlab qaytdim, – deydi tadbir ishtirokchilaridan biri Dilfuza Tursinboyeva. – Besh yildan buyon ishsiz o‘tirar edim. Mamlakatimizda xotin-qizlarga berilayotgan imkoniyatlardan foydalangan holda turli pishiriqlar tayyorlab tanishlarim va qo‘shnilarimga sotishni yo‘lga qo‘ydim. Faoliyatimni kengaytirish maqsadida mazkur seminar-treningda ishtirok etyapman. Unda tadbirkorlik asoslari, xavfsiz migratsiya va odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha ancha ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Tadbir ishtirokchilariga mutaxassislar tomonidan tadbirkorlikni huquqiy asoslari, tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari va turlari, tadbirkorlik sub’ektlarini faoliyatini tashkil etish tartibi, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, bank bilan ishlash, biznesda maqsad tanlash, harakatga undovchi omillar xamda tadbirkor psixologiyasi kabi masalalar yuzasidan tushunchalar berildi. Seminar-trening davom etmoqda.

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri.