2023 yil 3 fevraldagi “Havo harorati keskin sovib ketishining iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori bilan Markaziy bank va tijorat banklariga qish mavsumida talafot ko‘rgan tadbirkorlik sub’ektlarining kreditlari bo‘yicha yanvar-mart oylari uchun to‘lovlar muddatini 2023 yil 1 iyunga qadar uzaytirish topshirig‘i berilgandi. Mazkur muddat 1 iyundan yakuniga yetmoqda. Qishda talafot ko‘rgan tadbirkorlik sub’ektlarining taqdim etilgan kredit ta’tillari tugaydi.

Prezidentimizning 2023 yil 5 apreldagi “2023 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, qishloq xo‘jaligi sohasidagi barcha subsidiyalar “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga subsidiya berish” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Qishloq xo‘jaligi sohasida subsidiyalar yagona elektron tizim orqali beriladi.

Prezidentning 2023 yil 8 maydagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun elektron hisobvaraq-fakturalar taqdim etish va rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadi. Jismoniy shaxslar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari uchun hisob-fakturalar talab etilmaydi.

Prezidentning 2022 yil 2 dekabrdagi “2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2023 yil 1 iyundan boshlab mahsulotlarni ishlab chiqarishda ekologiya va atrof-muhitga ta’sirni cheklash bo‘yicha qo‘yilayotgan talablar asosida “yashil sertifikatlar” tizimi joriy etiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 28 sentyabrdagi “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish tartiblarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, tibbiyot muassasalari tomonidan tug‘ilganlik FHDYO bo‘limlarida qayd qilinganligi haqida QR-kodli ma’lumotnoma beriladi va ushbu ma’lumotnoma gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi hamda davlat organlari va tashkilotlar tomonidan qabul qilishni rad etish qat’iyan taqiqlanadi. O‘zbekiston bo‘yicha chaqaloqlarning guvohnomalari FHDYO emas, balki tug‘ruqxonada beriladi. Guvohnoma esa fuqarolarning istalgan vaqtdagi murojaatlariga asosan FHDYO bo‘limlari tomonidan rasmiylashtirib beriladi.

Prezidentning 2023 yil 8 maydagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan chakana savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining faoliyat ko‘rsatish vaqtiga nisbatan cheklovlar olib tashlandi. Savdo qiluvchilar va xizmat ko‘rsatuvchilar kunu tun ishlashiga ruxsat beriladi.

Prezidentning 2023 yil 13 martdagi “Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) farzandlari maktabgacha ta’lim muassasalarida bepul tarbiyalanishi, shuningdek, professional va OTMda davlat granti asosida qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha ta’lim olishi ta’minlanadi. Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun bog‘cha bepul bo‘ladi. Halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) ota-onalariga yiliga 2 marta temir yo‘l va havo yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi.

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 19 yanvardagi “Ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘linmalari huzuridagi “To‘maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, yoshi 18 dan kichik va 30 dan katta bo‘lmagan, umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus ma’lumotli, biriktirilgan hududda doimiy yashovchi hamda muloqotga kirishuvchan va tashkilotchilik qobiliyatiga ega xotin-qizlarni ko‘ngilli asosda jalb qilish orqali “To‘maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari faoliyati tashkil etiladi. Mazkur guruhlarning asosiy vazifalaridan biri o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan qizlarning xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan hamda ularning huquq va manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq masalalarni aniqlashda ko‘maklashish hisoblanadi.

Prezidentimizning 2023 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari, ayollar huquqlari, bola huquqlari va migrantlar huquqlari yo‘nalishlarida faoliyati mazkur shaxslar bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan tashkilotlarda o‘quv kurslari va seminar-treninglar tashkillashtiriladi. Shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz tomonidan har yili: “Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovi o‘tkazib boriladi. “Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovi o‘tkaziladi.

Prezidentning 2021 yil 5 iyuldagi “O‘zbekiston respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari 1 iyunga qadar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar, maxsus jihozlangan avtotransport vositalari, dasturiy ta’minotlar, reaktivlar, reagentlar va sarflash materiallari, ehtiyot qismlar bojxona to‘lovlaridan (QQS va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod qilingandi. 1 iyundan mazkur imtiyoz yakuniga yetmoqda. Sud-ekspertiza tashkilotlariga berilgan bojxona imtiyozlari muddati tugaydi.

 

Shahnoza Mamaturopova,O‘zA