Oliy Majlis Senatining yalpi majlisi davom etmoqda.
Majlisni kirish so‘zi bilan ochgan Senat raisi Tanzila Norboyeva yangi tahrirdagi Konstitutsiyadagi yangi kafolatlar mazmunini jamoatchilikka yetkazish, qonunchilikni Asosiy qonunga muvofiqlashtirish ishlarini tashkil qilish masalasiga to‘xtalib o‘tdi.
– Mahalliy vakillik organlariga o‘z faoliyatini amalga oshirishda ko‘maklashish hamda Prezidentimiz farmoni bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish yo‘nalishlari bo‘yicha bir qator vazifalar belgilandi, – dedi Senat raisi. – Senatorlardan har bir vazifaning bajarilishiga mas’uliyat bilan yondashish talab etiladi. Hududlardagi masalalarga jiddiy e’tibor qaratishni so‘rayman.
Hamyurtlarimiz tomonidan ko‘tarilayotgan masalalarni ko‘rib chiqish, ularni joyida hal qilish, tizimli muammolarni respublika darajasiga olib chiqish va ularning yechimida faol bo‘lish, bir so‘z bilan aytganda, aholini rozi qilish, uning og‘irini yengil qilish zarur. Chunki hududiy vakillik organi sifatida joylardagi barcha dolzarb masalalardan doimo xabardor bo‘lib turish, ularning hal etilishi ustida ishlash birlamchi vazifamiz bo‘lishi kerak. Xalq vakillari jamiyatdagi barcha ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarda faol ishtirok etishga mas’ul va majburdir.
N.Abduraimova, O‘zA