Ozarbayjon poytaxti Bokuda taekvondo WT bo‘yicha davom etayotgan jahon chempionatining ortda qolgan to‘rtinchi kun natijalariga ko‘ra, hamyurtlarimiz 1 ta kumush medalga ega chiqdi. Turkiyalik sportchilar umumiy medallar jamg‘armasini 2 ta oltin bilan to‘ldirdi.

O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan ayollar o‘rtasida +73 kilogramm og‘irlikda yurtimiz sharafini himoya qilgan Svetlana Osipova finalgacha 4 marta dayanga chiqdi. Avvaliga italiyalik Alekssandra Ilichni 2:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, keyingi bosqichlarda amerikalik, marokashlik raqiblarini dog‘da qoldirdi.

Yarim finalda Buyuk Britaniya terma jamoasi a’zosi Byanka Kuk to‘sig‘idan muvaffaqiyatli o‘tgan amaldagi jahon chempioni Svetlana Osipova finalda turkiyalik Nafia Kus bilan ro‘baro‘ keldi. Birinchi raunddagi teng kurash va keyingi bo‘limda turkiyalik sportchining ochkolar hisobidagi kichik ustunligi hamyurtimizni kumush medal bilan kifoyalanishiga olib keldi.

Jahon chempionatining beshinchi kuni ostonasida medallar jamg‘arish borasida Turkiya terma jamoasi 3 ta oltin, 1 ta bronza medali bilan yetakchilikka erishdi. Keyingi o‘rinlarda borayotgan Janubiy Koreya va Fransiya terma jamoalari 2 tadan oltin medalga ega. O‘zbekiston terma jamoasi 1 tadan kumush va bronza medallari hisobiga yuzdan ziyod davlatlar orasida umum jamoada 10-o‘rinni egallab turibdi.

Bugun, 2 iyun kuni jahon chempionatining beshinchi kunida erkaklar 54 kiloda, ayollar 46 kilogrammda bahslarni o‘tkazadi. Ushbu vazn toifalarida yurtimiz sharafini terma jamoamiz a’zolaridan Omonjon Otajonov va Zuhra Tojimatov himoya qiladi.

Aytish lozim, iste’dodli sportchimiz Svetlana Osipova o‘tgan yilgi chempionlik an’anasini takrorlay olmagan bo‘lsada, dunyo birinchiligida ilk bor ikki marta sovrindor bo‘lgan taekvondochi nomiga musharraf bo‘ldi.

4 iyunga qadar davom etadigan jahon chempionatida yuzdan ziyod davlatning mingga yaqin taekvondochisi qatnashmoqda.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA