O‘zbekiston Markaziy banki o‘z faoliyatini mamlakatda makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadlariga yo‘naltirmoqda.
2022 yil mart oyida Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 17 foizgacha ko‘tarilgan bo‘lsa, II chorakdan boshlab makroiqtisodiy sharoitlarning barqarorlashuvi va ayrim inflyatsion xatarlarning pasayishi hisobiga asosiy stavka 15 foizgacha tushirildi.
Bu Senatning qirq birinchi yalpi majlisida senatorlar muhokamasiga havola etilgan Markaziy bankning 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotida qayd etildi.
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov hisobot yilida iqtisodiyotni moliyalashtirishda xususiy investitsiyalarni rag‘batlantirish, tadbirkorlik sub’ektlarining ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli yangi ishlab chiqarish loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ishlari davom ettirilganini ta’kidladi.
Xususan, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadlariga 203 trln. so‘m yoki 2021 yilga nisbatan 22 foiz ko‘p kreditlar ajratilgan.
Aholiga ajratilgan kreditlar 2021 yilga nisbatan 1,6 barobarga o‘sib, 65,3 trln. so‘mni tashkil qildi. Ushbu ajratilgan kredit mablag‘larining 25,6 foizini mikroqarz, 22 foizini ipoteka krediti, 33 foizini iste’mol krediti, 14 foizini mikrokreditlar tashkil etgan.
2022 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 424 mingdan ortiq loyihalarga jami 9,9 trln. so‘mdan ortiq imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.
2022 yilda banklarning kapitallashuv darajasi 12 foizga oshib, yil yakunlari bo‘yicha qariyb 80 trln. so‘mga, ustav kapitali miqdori 9 foizga o‘sdi.
Shu bilan birga 2022 yilda bank tizimini isloh qilish strategiyasi doirasida davlat ishtirokidagi banklarni transformatsiya qilishga qaratilgan ishlar davom ettirilib, “Ipotekabank” va “O‘zagroeksportbank”dagi davlat ulushini xorijiy investorlarga sotish bo‘yicha jarayonlar yakunlandi.
Natijada davlat ulushi mavjud bank aktivlarining bank sektori aktivlari umumiy hajmidagi ulushi 2021 yildagi 81,5 foizdan 2022 yilda 78,2 foizgacha pasaygan.
Aholiga respublika va xorijiy to‘lov tizimlari infratuzilmasida bir karta orqali hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyatini beruvchi kobeydjing bank kartalari soni 2021 yilga nisbatan 2,7 barobarga oshgan.
Senatorlar Markaziy bank tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ayrim masalalarga e’tibor qaratdi.
Senat raisi Tanzila Norboyeva jahonda kuzatilayotgan murakkab iqtisodiy jarayonlar ta’sirida, ya’ni valyuta kursining o‘zgarishi, yoqilg‘i narxlarining oshishi va boshqa omillarni inobatga olib, aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga inflyatsiya darajasining salbiy ta’sirini yumshatish choralarini ko‘rib borish talab etiladi, deya ta’kidladi.
Ya’ni, aholi daromadi va xarid qobiliyati pasayib ketishining oldini olish, tadbirkorlik sub’ektlariga qulay biznes sharoitini yaratishga ko‘maklashish kerak.
Shundan kelib chiqib, inflyatsiya darajasini pasaytirish choralarini ko‘rib borish, ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash zarur.
Tadbirkorlik sub’ektlariga kredit ajratish jarayonida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash, inson omilini kamaytirish, kredit olish jarayonini soddalashtirish maqsadida arizalarni onlayn elektron dastur orqali qabul qilish tizimini joriy qilish kerak.
Bunda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining yagona elektron platformasini takomillashtirish, unda korrupsiya va sansalorlik xavflarini oshiradigan inson omili ishtirokini kamaytirish choralarini ko‘rish zarur.
Jumladan, banklarda raqamlashtirish bilan bog‘liq belgilangan qator vazifalar ijrosi qolib ketayotgani, tadbirkorlik sub’ektlariga kredit ajratish jarayonida shaffoflikning to‘liq ta’minlanmaganligi, inson omilining yuqoriligi kredit olish jarayonini qiyinlashtirib, byurokratik to‘siqlarning yuzaga kelishiga omil bo‘layotgani qayd etildi.
Markaziy bankning 2023 yilgi faoliyatida narxlar barqarorligini ta’minlash, pul-kredit siyosati instrumentlarini hamda aholining banklardagi omonatlarini himoyalash tizimini takomillashtirish, inflyatsiyaga nomonetar omillar ta’sirini pasaytirish va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash borasidagi ishlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Markaziy bank faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan takliflari aks etgan tegishli qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA