FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida tomorqadan unumli foydalanib, mo‘may daromad topayotgan omilkorlar ko‘p. “Choyko‘l” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi Mahmud Norboyev ulardan biri.
M. Norboyevning asli kasbi o‘qituvchi bo‘lsada, tomorqachilikda yaxshi tajriba orttirgan.
– 2020 yil oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanish maqsadida bankdan 33 million so‘m imtiyozli kredit olib, 3 sotix maydonda issiqxona tashkil qildim, – deydi omilkor. – Issiqxonada pomidor, bodring, turli ko‘katlar yetishtirishni yo‘lga qo‘ydim. Ikki yilda issiqxonam maydoni 9 sotixga yetdi. Shunga yarasha mahsulot turi, ko‘lami va daromad hajmi ham oshdi.
Omilkorligi bilan ko‘pchilikka namuna ko‘rsatgan Mahmud Norboyev 2021 yilda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan “Namunali tomorqachi” hamda 2022 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qarori bilan “Vatan fidoyisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA