Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida xalqaro miqyosda simpozium bo‘lib o‘tdi. Unda AQSH, Buyuk Britaniya, Shveysariya va O‘zbekistonning professor olimlari o‘zlarining ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

SSV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, simpoziumda britaniyalik professor Gordon Plant nevrologiya va neyrooftalmologiya yo‘nalishlarida qanday fundamental tekshiruvlar mavjudligi va sohadagi so‘nggi yangiliklar to‘g‘risidagi ma’ruzasi bilan qatnashdi. Yana bir britaniyalik professor Lindon Da Kruz regenerativ tibbiyot xususida ma’ruza o‘qidi.

Ko‘z to‘r pardasini ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti haqidagi nutqida olim  o‘zining 20 yillik tajribasi haqida ham so‘z yuritdi. Mazkur tajriba yuzasidan qanday tekshiruv va tadqiqotlar o‘tkazilgani borasida ma’lumot berdi.  – Ilgari bu borada gap ketganda “umuman iloji yo‘q” der edik. Ko‘p yillik ilmiy izlanishlar natijasida buning imkoni borligi isbotlandi, — deydi markaz direktori Azamat Yusupov. – Endilikda ushbu laboratoriyalarning qanday tashkil etilgani, ularni O‘zbekistonda ham joriy etish bo‘yicha o‘rganish olib borishni reja qildik. Agar bu amaliyot mamlakatimizda ham qo‘llana boshlasa, to‘r parda bilan bog‘liq kasalliklar tufayli ko‘rish qobiliyatidan mahrum bo‘lgan bemorlar dunyoni yana o‘z ko‘zlari bilan qayta ko‘ra oladi.

Shuningdek, simpoziumda oftalmologiya sohasida teletibbiyot, sun’iy intellekt va robot-oftalmologiyaning ko‘z kasalliklarini davolashdagi yutuqlari haqida ham muhim ma’ruzalar tinglandi.

 

M.Qosimova, O‘zA