Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi rahbariyati va mutaxassislari sohada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etdi.
Qayd etilishicha, Pensiya jamg‘armasining o‘tgan 2022 yil davomida daromadlari prognoz ko‘rsatkichlari 33,1 trillion so‘m yoki 106,7 foizga bajarilgan. Buning natijasida, 2023 yilning 1 yanvar holatiga 3 trillion so‘m erkin qoldiq mablag‘lari saqlanishiga erishildi. Shuningdek, o‘tgan 2022 yil davomida 459,1 ming nafar fuqaroga pensiya va nafaqalar tayinlangan hamda 2023 yil 1 yanvar holatiga pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 4 346,3 ming nafarga yetdi. Pensiya jamg‘armasi tomonidan 2022 yil davomida 1,6 million nafar fuqaroga interaktiv va masofaviy xizmatlar ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yildagi “O‘limni qayd etish bilan bog‘liq kompozit davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, fuqaro vafot etgani tibbiy muassasa tomonidan qayd etilganda dafn marosimi uchun nafaqalar avtomatik ravishda tayinlanishi va fuqaro Xalq bankining istalgan filiali orqali nafaqani olish imkoniyati yaratilgan.
18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar va odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka chalingan 18 yoshgacha bolalarga to‘lanadigan nafaqalarni hamda parvarishlash nafaqasini O‘zbekistonda ilk bor fuqarolar murojaatisiz “proaktiv shakl”da tayinlash tizimi joriy etilgan.
Pensiya jamg‘armasining 2023 yil birinchi chorakdagi daromadlari prognoz ko‘rsatkichlari 9,3 trillion so‘m yoki 105,7 foizga bajarildi. Jamg‘armaning 2023 yilni birinchi choragidagi haqiqiy xarajatlari Jamg‘arma hisobidan 12,4 trillion so‘mni tashkil etdi. To‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida davlat byudjetidan 1,7 trillion so‘m transfertlar ajratildi. 94,5 ming nafar fuqaroga yangi pensiya va nafaqalar tayinlandi.
Pensiya jamg‘armasi tomonidan 2023 yil birinchi choragida 421 ming nafar fuqaroga interaktiv va proaktiv xizmatlar ko‘rsatildi. 2023 yil mart oyida pensiyalarning bir oylik o‘rtacha miqdori 1 070,3 ming so‘mni tashkil qilgan. Nafaqalarning bir oylik o‘rtacha miqdori 652,8 ming so‘mni tashkil etib, 2022 yil mart oyiga nisbatan 77,3 ming so‘mga yoki 13,4 foizga ko‘paygan.
2023 yil 1 aprel holatiga pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 4 million 400 ming nafarga yetdi. Shundan, 3 million 807,4 ming nafari pensiya va 592,7 ming nafari nafaqa oluvchilarni tashkil etdi.
2023 yil 1 yanvardan boshlab fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash faqat birgina pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi orqali tayinlash tizimi joriy etildi. “Hujjatlar-telefonda” tamoyili asosida mobil ilova orqali pensiya guvohnomasini mobil ilovaga o‘tkazish va uni QR-kod orqali ham identifikatsiyalash yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yil 1 yanvardan boshlab pensiyani hisoblash uchun inobatga olinadigan o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori chegarasi pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 10 baravaridan 12 baravarigacha oshirish bo‘yicha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Natijada 370 mingdan ortiq fuqarolarning pensiyalari qayta hisob-kitob qilinib, SMS-xabarnomalar yuborilgan holda yangi miqdorda to‘lovlar amalga oshirilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA