O‘zbekistonda “Pekin”, “Guanchjou” nomlari bilan faoliyat ko‘rsatgan va o‘zini OAVlarda “Xitoy an’anaviy tabobati” deb targ‘ib qilgan firmalardagi firibgarlik bir-bir ovoza bo‘ldi-yu, xalqda, avvalo bemorlarda ularga ishonch batamom yo‘qoldi.

Ha, go‘yo Xitoy tog‘u-yaylovlaridan terib kelib tayyorlangan dori shifobaxsh deb bemorlarni ruhan ishontira olgandilar. Aslida esa O‘zbekiston, Rossiya va boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan “og‘riqbosdi” tabletkalarni savatcha-yu – yaltiroq yozuvli qutichalardan olib berganlar.

Xo‘sh, Xitoy an’anaviy tibbiyoti tajribasi, dori-darmonlari firibdan iboratmi? Bu savolga javob topish uchun Lyanyungandagi “Jianqsu Henqrui” farmatsevtika  kompaniyasida bo‘ldik. U Xitoydagi an’anaviy farmatsevtikaga asoslangan yettita eng yirik korxonaning eng kattasi ekan. U tayyorlaydigan dori-darmonlar 100 foiz tabiiy giyohlardan olinadi. Kimyoviy modda umuman qo‘shilmaydi. Kompaniya Xitoydagi beshta yirik shaharlarda, AQSH, Shveysariya, Yaponiyada ilmiy tadqiqot markazlariga ega. Ularda giyohlar tadqiq qilinadi. Tarkibidan shifobaxsh moddalarni ajratib olish texnologiyasi yaratiladi, ulardan esa kasalliklarga samarali ta’sir ko‘rsatuvchi dori-darmonlar tayyorlash uslublari me’yorlari o‘rganilib, natijada so‘nggi bosqich – ishlab chiqarishga joriy etish uchun tavsiya qilinadi. Ko‘rganingizdek, garchi “an’anaviy” deyilsada va giyohlardan dori tayyorlashning minglab yillik tajribalari bo‘lsada, kompaniya faqat va faqat ilmga tayangan.

Biz u ishlab chiqarayotgan dori-darmonlar nomini yozishdan tiyildik. Zero unda ularni reklama qilgan bo‘lib qolamiz. Lekin shuni aytish mumkinki, gepatit, qand, yurak xuruji kabi kasalliklarni davolovchi dorilar umumiy ishlab chiqarishning asosiy qismini tashkil etadi.

Kompaniya mamlakatning tog‘lik va yaylov joylarida plantatsiyalarga ega. Bundan tashqari dorivor giyohlar o‘sadigan manzillarda yashovchi aholi o‘qitilgan. Ular to‘lov evaziga noyob giyohlarni ajratib terib topshirishadi. Albatta, Xitoy ulkan mamlakat va rejali tashkil etilgan giyoh yig‘ishda kompaniya muammoga yo‘liqmagan.

Sizga birgina raqam keltirmoqchimiz. “Jianqsu Henqrui” 2022 yilda 3,4 milliard dollarlik giyohlardan tayyorlangan dori-darmon sotishga erishgan. Eksport manzili esa AQSH, Yevropa, Osiyo…Xariddagi muntazamlik – sifatga ishonch emasmi?

Muhammadjon Obidov, 

Pekin. Lyanyungan.  

O‘zA