Markaziy bank tomonidan “Kredit tashkilotlariga, to‘lov tashkilotlariga, to‘lov tizimlari operatorlariga, valyuta birjalariga va kredit byurolariga nisbatan choralar va sanksiyalar qo‘llash tartibi to‘g‘risida”gi nizom loyihasi regulation.gov.uz portaliga muhokama uchun joylashtirildi.
Nizomda tashkilotlarga chora va sanksiyalarni qo‘llash asoslari va tartibi, qoidabuzarliklarni bartaraf etish ustidan nazorat, dividendlarni to‘lash yoki foydani taqsimlashni to‘xtatib turish, kredit tashkilotining ayrim turdagi operatsiyalarini cheklash yoki to‘xtatib turish, jarima undirish kabi tamoyillar belgilangan.
Shuningdek, sodir etilgan qoidabuzarlik uchun qo‘llaniladigan chora va jarimalar miqdorlari ham ko‘rsatilgan. Masalan, bank va nobank kredit tashkiloti tomonidan ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan reklamaning reklama chiqqan kunda haqiqatga mos kelmasligi BHMning ellik besh baravari miqdorida jarimaga tortilishiga olib kelishi mumkin.
Shuningdek, banklar tomonidan bankka aloqador bo‘lgan shaxslar bilan tuzadigan shartnomalari bankka aloqador bo‘lmagan shaxslar uchun nazarda tutilgan shartnomalarga qaraganda ancha qulay shartlarga asoslangan holatlar aniqlanganda, bir yil ichida bir marotaba buzilganda – 200 mln. so‘m, bir yil ichida ikkinchi marotaba buzilganda – 500 mln. so‘m, bir yil ichida uchinchi marotaba buzilganda – boshqa chora va sanksiya qo‘llaniladi.
Ko‘rsatilayotgan bank va moliyaviy xizmatlar to‘g‘risidagi axborotni e’lon qilmaslik yoki o‘z vaqtida e’lon qilmaslik, atayin noto‘g‘ri ma’lumot tarqatish (taqdim etish), shuningdek, Markaziy bankka bank va moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquqlarini himoya qilishga oid hisobot yoki ma’lumotlarni taqdim etmagan yoxud o‘z vaqtida taqdim etmagan taqdirda, bankdan BHMning yetti baravari miqdorida jarimaga tortiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA