“Salomatlik poyezdi” Qoraqalpog‘istonga yo‘l oldi

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi doirasida respublikamizning ekologik jihatdan noqulay mintaqalarida yashovchi aholiga sifatli tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida “Salomatlik poyezdi” aksiyasini o‘tkazmoqda.

Aholini, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, chekka qishloqlarda yashayotgan ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, aholining tibbiy savodxonligini oshirishga qaratilgan mazkur aksiya doirasida 2018-yilning yanvar oyida Andijon viloyatiga “Salomatlik poyezdi” jo‘natilgan edi.

2.JPG

Unda mutaxassislar tomonidan 734 nafar aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tibbiy ko‘rik bilan bir qatorda viloyatdagi tibbiy va ijtimoiy muassasalarga, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga manzilli ravishda oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon, vitamin, tibbiyot jihozlari, sanitariya-gigiyena vositalari tarqatildi. Shuningdek, joriy yilning mart oyida Navoiy viloyatida amalga oshirilgan “Salomatlik poyezdi” aksiyasi doirasida mutaxassislar ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan ikki mingga yaqin aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.

4.JPG

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan xayriya aksiyasi doirasidagi navbatdagi “Salomatlik poyezdi“ Qoraqalpog‘iston Respublikasining chekka hududlariga yo‘l oldi. Toshkent–Qoraqalpog‘iston–Jasliq–Toshkent yo‘nalishidagi “Salomatlik poyezdi”27 aprelga qadar aholiga tibbiy yordam ko‘rsatadi. “Salomatlik poyezdi”da yuqori malakali shifokorlar guruhi aholiga zarur tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishi rejalashtirilgan.

9.JPG

Mazkur poyezd Qoraqalpog‘iston, Jasliq stansiyalarining yaqin hududlaridan tashqari fondning hududiy filiali ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi orqali hududdagi markaziy shifoxonalar, viloyat bolalar va tug‘ruq komplekslariga hamda ko‘zi ojiz, aqli zaif va kar-soqov bolalar maxsus maktab-internatlariga tibbiy ijtimoiy yordam ko‘rsatadi.

 

Go‘zal Sattorova, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA