Jizzax shahrida Birlashgan kurashlar olami (UWW) tarkibidagi o‘zbek belbog‘li kurashi, qirg‘iz “Alыsh”i hamda “Qazaq kuresi” bo‘yicha Osiyo chempionati bahslari keskin, murosasiz va qizg‘in kurashlar ostida yakuniga yetmoqda.
Osiyo belbog‘li kurash konfederatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi, Jizzax viloyati hokimligi va viloyat prokuraturasi hamda qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilayotgan mazkur chempionatda O‘zbekiston, Yaponiya, Eron, Hindiston, Indoneziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston kabi 12 ta davlatdan kelgan polvonlar g‘oliblik uchun bahslashmoqda.
22 -23 may kunlari qirg‘iz xalqining milliy “Alыsh” kurashi bo‘yicha, kecha 24 may kuni esa o‘zbek belbog‘li kurashi bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. O‘zbek milliy belbog‘li kurash bo‘yicha erkaklar 8 vazn, ayollar 5 vazn toifasida gilamga chiqdi.
Ta’kidlab o‘tish joizki, belbog‘li kurash barcha vazn toifalarida o‘zbekistonlik polvon erkak va ayollarimizga teng keladigan raqib qit’amizda topilmadi. Sportchilarimiz eng kuchli ekanliklarini isbotlab, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Erkak polvonlarimizdan 57 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida Jamoliddin Nematullayev, 62 kilogrammda Doniyor O‘ralov, 68 kilogrammda Oybek Sultonov, 75 kilogrammlik polvonlar o‘rtasida Nusratbek Sultonboyev, 82 kilogrammliklar bahsida Husniddin Ro‘ziyev, 90 kilogrammlik polvonlar bahsida Jasurbek Isroilov, 100 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida Nadirbek Axatjonov va mutlaq (100 kilogrammdan ortiq) vazn toifasida Baxtiyorjon Jumaboyevlar barcha raqiblari kuragini yerga tekkizib Osiyo chempioni degan sharafli nomni qo‘lga kiritdi.
Xotin-qizlar bahsida ham o‘zbek ayol polvonlariga teng keladigan raqibalar topilmadi. 52 kilogrammgacha bo‘lgan og‘irlik vaznida Farangiz Abdunabiyeva, 58 kilogrammliklar bahsida Manzuraoy Mo‘yiddinova, 66 kilogrammgacha bo‘lgan xotin-qizlar o‘rtasida Maftunabonu Mahmudova, 76 kilogramm vazn toifasida Dilafro‘z Mamajonova hamda 76 kilogrammdan ortiq vazn toifasida Saxobat Sheraliyevalar g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Osiyo chempioni bo‘ldi.
Belbog‘li kurash bo‘yicha erkaklar 8, ayollar 5 vazn toifasida chempion bo‘lib, musobaqaning oltin medallari, pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Kecha yakunlangan belbog‘li kurash bahslarida O‘zbekiston polvonlarining g‘alabasi sharafiga 13 marotaba Davlatimiz madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz baland ko‘tarildi.
Bugun tunda “Qazaq kuresi” bahslari nihoyasiga yetib, muosobaqaning tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
26 may kuni Birlashgan kurashlar olami (UWW) tarkibidagi o‘zbek belbog‘li kurashi, qirg‘iz “Alыsh”i hamda “Qazaq kuresi” bo‘yicha Jizzax shahrida 6 kun davom etgan Osiyo chempionati ishtirokchilari o‘z yurtlariga kuzatib qo‘yiladi.
A.QAYUMOV , O‘zA