O‘zbekiston va Qozog‘iston bojxona xizmatlarining ikki tomonlama sayyor uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Sayyor uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ilhom Muxtorov va Qozog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat daromadlari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Bakыtjan Slyamov, shuningdek, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Beybut Atamqulov, ikkala davlat chegara nazorati rahbariyati vakillari ishtirok etdi.
Dastlab tomonlar Qozog‘istonning “Jibek-Jolы” chegara-bojxona postida muzokaralar olib bordi. Unda asosiy e’tibor shu kunlarda o‘zbek-qozoq chegara o‘tkazish punktlarida kuzatilayotgan yuk avtotransport vositalarining tirbandligiga qaratildi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi 5 yilda ikkala davlat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik hamkorlik aloqalarining rivojlanishi natijasida aynan avtotransport vositalari orqali tashilayotgan tashqi savdo yuklari 2 barobarga oshgan. Xususan, o‘zbek-qozoq chegarasi orqali harakatlanayotgan yuk avtotransport vositalari soni ham yiliga o‘rtacha 100 mingtaga oshmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, shu yilning 4 oyi davomida O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegarasi orqali 331 ming 672 ta avtotransport vositalari harakatlangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 160 ming 689 tani tashkil qilgan edi.
O‘sish ko‘rsatkichlari kelgusida chegara-o‘tkazish punktlarida turli noqulayliklar va tirbandliklarni yuzaga keltirishini oldindan tahlil qilib, ikkala davlat bojxona xizmati rahbarlari 2021 yil 25 dekabrdagi ishchi uchrashuvida bojxona postlarini qayta qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishishgan edi.
Ushbu kelishuvlar doirasida hozirda “Navoiy” (O‘zbekiston) – Kaplanbek (Qozog‘iston) chegara-bojxona postlarida har ikki davlat tomonidan modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Qozog‘istonning “Kazыgurt” va “Atamaken” chegara bojxona postlarida ham qurilish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Ayni vaqtda yurtimizda pishiqchilik mavsumi ham boshlangan bo‘lib, noyabr oyiga qadar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksporti kundan kunga oshadi. Mazkur omillar natijasida o‘zbek-qozoq chegara o‘tkazish punktlarida shu kunlarda jami hisobda mingga yaqin yuk avtotransport vositalarining tirbandligi kuzatilmoqda.
Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekistoning “G‘ishtko‘prik”, “Yallama”, “Sirdaryo” chegara bojxona postlari, “Malik”, “Oq oltin” o‘tkazish punktlari, Qozog‘istonning esa “B.Konыsbayev”, “Atameken” kabi chegara bojxona postlarida ham bo‘lib, mavjud vaziyatni joyida ko‘zdan kechirdi, tirbandlikda turgan haydovchilar bilan yaqindan muloqot qilishdi.
Tomonlar muammoni tezkorlik bilan bartaraf etishga qaratilgan takliflarni atroflicha muhokama qildi. Xususan, O‘zbekiston tomoni asosan kunduzgi vaqtda faoliyat yurituvchi “Malik” (O‘zbekiston) – “Sirdaryo” (Qozog‘iston) o‘tkazish punktini sutkalik rejimga o‘tkazish, shuningdek, harakatlanayotgan haydovchilarning fuqaroligi va transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan davlatga doir cheklovlarni bekor qilish taklifini ilgari surmoqda. Buning uchun ikkala davlat o‘rtasida 2001 yilda imzolangan kelishuvlarga o‘zgartirishlar kiritish loyihasi ham ishlab chiqilgan.
Shuningdek, “Yallama” (O‘zbekiston) – “B.Konыsbayev” (Qozog‘iston) chegara-bojxona postlari orqali yuk avtotransport vositalarining o‘tkazuvchanligini sutkasiga 700 tagacha kengaytirish taklifi ham ilgari surildi. Buning uchun qo‘shimcha kuch va vositalar, xususan, ilg‘or axborot texnologiyalarini keng jalb etish nazarda tutilgan. Uchrashuv ochiq va konstruktiv ruhda bo‘lib o‘tdi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA