Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroga tashrifi chog‘ida dastlab viloyat va tumanlar hokimlari, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, mutasaddilar bilan yig‘ilish o‘tkazdi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar qildi.
Yig‘ilishda joriy yil 16-17 fevral kunlari davlatimiz rahbarining viloyatga tashrifi davomida belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.
Ma’lumki, o‘shanda viloyat iqtisodiyotini har tomonlama rivojlantirish, yangi sanoat korxonalari va tadbirkorlik subyektlari tashkil etish, mahalliylashtirish darajasi va eksport hajmini oshirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish, qishloq xo‘jaligini tarkibiy o‘zgartirish, yangi uy-joylar, ijtimoiy obyektlar qurish bo‘yicha ko‘plab topshiriqlar berilgan edi. Buning uchun zarur mablag‘ va resurslar ajratildi.
Yig‘ilishda mazkur yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar kutilgan darajada emasligi jiddiy tanqid qilindi. Muddatidan kechikayotgan yoki bajarilmayotgan loyihalar ko‘rsatib o‘tilib, buning sabablari muhokama etildi.
Shavkat Mirziyoyev belgilangan vazifalarni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan mutasaddilarni jiddiy ogohlantirdi. Barcha rejalar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash, «aravasini tortolmagan» rahbarlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berdi.