Mamlakatimizda Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub davlat tashrifi bilan bo‘lib turibdi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Prezident Halima Yaqub bilan uchrashuvi, o‘zaro muloqoti haqidagi fikrlari bilan ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida o‘rtoqlashdi:
“Suhbatimiz davomida O‘zbekiston va Singapur o‘zaro munosabatlarini rivojlantirishda parlamentlararo aloqalarning konstruktiv ahamiyatiga to‘xtaldik. Albatta, parlamentlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik guruhlari faoliyatiga yangi impuls berish zarur.
Singapur va O‘zbekistonning turli yo‘nalishlarda, jumladan, savdo-iqtisodiy, innovatsiya, fan va ta’lim sohalarida hamkorligini kuchaytirish borasida yakdil bo‘ldik.
Halima Yaqub xonim bilan ta’limning deyarli barcha darajalarida o‘zaro amaliy muloqot qilish borasida fikrlashdik.
Xususan, davlat xizmatchilarining kasbiy va boshqaruv salohiyatini oshirishda Singapurning ilg‘or tajribasini o‘rganish nihoyatda muhim.
Muloqotimiz davomida Halima Yaqub xonim O‘zbekistonning boy ma’naviy merosidan yaxshi xabardorligini bildirib, o‘zbek xalqi madaniyati va san’atiga oid ko‘rgazmalar va art-loyihalar nafaqat Yevropa davlatlarida, balki Osiyo mamlakatlarida, xususan Singapurda ham namoyish qilinishi kerakligini alohida ta’kidladi.
Zero, Singapur va O‘zbekiston xalqlarining ma’nan yaqin urf-odatlari, qadriyatlari va oilaviy an’analari barobarida millatlararo hamda konfessiyalararo tinchlik totuvlikni ta’minlashdagi sa’y-harakatlari ham mushtarakdir”.
O‘zA