Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev Fransiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushezni qabul qildi.

Uchrashuvda Jo‘qorg‘i Kenges raisi dastlab davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orolbo‘yini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish,  aholining farovon hayotini ta’minlash  borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘xtaldi. Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik jadal sur’atda rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Elchi Oreliya Bushez samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. Tashrifi davomida orolbo‘yining madaniyati, sayyohlik salohiyati,  hududning ekologik holati bilan yaqindan tanishishini ta’kidladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi bilan hamkorlikda Parij shahrida o‘tkazilgan  “Salty Lives” (“Sho‘r hayot”) art-loyihasi jahon hamjamiyatining e’tiborini yana bir marotaba Orol fojeasiga qaratdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yili Fransiyaga rasmiy tashrifi doirasida Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida O‘zbekistonning madaniy merosiga bag‘ishlangan yirik ko‘rgazmalarda I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san’at muzeyi eksponatlari ham namoyish etildi.

Qabul yakunida hamkorlikni yanada mustahkamlash, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Dovud ABIBULLAEV,

O‘zA muxbiri