Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori Erkabay Tadjiyev tomonidan aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ochiq muloqot qilish, muammo va takliflarni o‘rganib, ularni qonuniy hal etish maqsadida Beruniy tumanida navbatdagi sayyor qabul hamda yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Qabulda fuqarolarning yer nizosi va yer ajratish, chorvachilik, dehkonchilik hamda aholi tomorqa yerlariga suv masalasi, shuningdek, bandlik, uy-joy bilan ta’minlash va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga doir murojaatlar tinglandi.
Tumandagi mavjud 40 ta ovul va mahalla fuqarolar yig‘inida “Yoshlar balansi” tizimidagi 14-30 yoshdagi yoshlar soni 52 ming 741 nafarni tashkil etadi. Shundan 31 nafari respublika prokuroriga biriktirilgan bo‘lib, uyma-uy yurib, ularning muammolari o‘rganildi. Jumaniyozov ovuli, “Lolazor” va “Tinchlik” ovul fuqarolar yig‘inlaridagi tibbiy davolanishga muhtoj yoshlar tuman tibbiyot birlashmasiga biriktirildi.
Qabuldan so‘ng, sektor rahbarlari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va profilaktika inspektorlariga faoliyatlarini yanada jadallashtirish, murojaatlar bilan ishlash va yechimini topish hamda aholi farovonligini ta’minlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA