Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qaror ijrosi doirasida tuman hududlaridagi mavjud muammolarni bartaraf etish va infratuzilmani rivojlantirish maqsadida 25 milliard 595 million so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan.  Jumladan, jami 26 ta ob’ektda, shundan 20 ta mahallada ichki yo‘llarni ta’mirlash, 2 ta mahallada suv inshootini rekonstruksiya qilish, 2 ta mahallada mahalla ma’muriy binosini va 1 ta mahallada bolalar sport maydonchasini yangidan qurish, 1 ta mahallada elektr tarmoqlarini tortish rejalashtirildi.

Pudratchi tashkilotlar tomonidan 15 ta ovul va mahallalardagi jami 44,4 kilometr uzunlikda ichki ko‘chalarga tosh yotqizish, “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi bolalar sport maydonchasini yangidan qurish, “Qipchoq” ovul fuqarolar yig‘ini  hududiga 2 kilometr uzunlikdagi sim kabellarini tortish hamda “Xizr eli” va “Yuqori qishloq” mahallalarining ma’muriy binolarini yangidan qurish ishlari yakunlandi.

“Xizr eli” va “Yuqori qishloq” mahallalarining ma’muriy binolari foydalanishga topshirilishi chekka hudud aholisi uchun haqiqiy tuhfa bo‘ldi. “Tuproqqal’a maxsus qurilish”, “Kommunal rem stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurib bitkazilgan binoda xodimlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Bu esa, aholi farovonligini ta’minlash, yordamga muhtoj fuqarolarning muammolari shu yerning o‘zida hal etilishiga xizmat qilmoqda.

Amudaryo tumanida jami 24 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘lni ta’mirlash rejalashtirilgan. Tuman Obodonlashtirish boshqarmasi qo‘shimcha ravishda yana 13 kilometr yo‘lni ta’mirlashni reja qilgan. Endilikda tumanda jami 37 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanadi. Buning uchun davlat byudjetidan 2 milliard 964 million so‘m mablag‘ ajratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 2 fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida tumandagi 49 ta ovul va mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 1868 ta xonadondan 1856 ta uyning tom qismi yopib beriladi. Shuningdek, yashash va ta’mirlash uchun yaroqsiz bo‘lgan 12 ta uy qaytadan quriladi.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Amudaryo tumanidagi barcha xonadonlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlari o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida ushbu oilalar haqiqatdan ham yordamga muhtojligi aniqlandi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolardan biri “Qizilcholi” mahallasida Nasiba Siytmamutova ikki nafar farzandi bilan yolg‘iz yashaydi. Turmush o‘rtog‘ining vafotidan keyin yolg‘iz ona ro‘zg‘or yukini ko‘tarishga qiynalib qolgan edi. Prezidentimizning alohida g‘amxo‘rligi va e’tibori bilan yaroqsiz holga kelib qolgan uyida qaytadan qurish ishlari olib borilmoqda. Bu vazifani “Jumurtov texta’mirservis” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘z zimmasiga olgan. Quruvchilarning ta’kidlashicha, qurilish ishlari iyun oyida nihoyasiga yetkaziladi.

Aholi vakillari mamlakatimizda olib borilayotgan shu kabi keng ko‘lamli ishlar natijasidan mamnun.

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri