Chorshanba kuni Rossiyaning Dushanbedagi elchisi Semyon Grigorev Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga taklif qilingan. Elchiga Tojikiston fuqarolarining Rossiyada ommaviy hibsga olinishi haqidagi ma’lumotlar bilan bog‘liq ravishda Dushanbening xavotirlari bildirilgani ma’lum qilingan. Bu haqda “Xovar” agentligi respublika Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga tayanib yozmoqda.
2023 yil 24 may kuni Tashqi ishlar vazirligida Rossiya Federatsiyasining Tojikiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Semyon Grigorev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda elchiga Tojikiston tomonining tashvishi haqida ma’lumot berildi, deyiladi xabarda.
Xususan, Rossiya Federatsiyasi hududida Tojikiston Respublikasi fuqarolarini turli bahonalar bilan ommaviy hibsga olishlar to‘g‘risida ma’lumotlar kelib tushayotgani aytilgan.
Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, “mavjud va yuzaga kelayotgan migratsiya muammolariga birgalikda javob berish zarurligi, shuningdek, migratsiya masalalari bo‘yicha mumkin bo‘lgan qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqishda kelishilgan harakatlarni amalga oshirish muhimligi” qayd etilgan.
Xabarda keltirilishicha, 19 may kuni “Komsomolsk-Amurda” sodir bo‘lgan voqea ham muhokama qilingan. Tojikiston TIV ma’lumotlariga ko‘ra, 100 dan ortiq tojik talabalari Rossiya qonunchiligi bo‘yicha so‘roqqa tutilgan va ularga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lingan.
Respublika Tashqi ishlar vazirligi “bunday voqealar Tojikiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhiga to‘g‘ri kelmasligi va tomonlarning ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlariga zarar yetkazishi mumkinligini” ta’kidlagan.
Tojikistonning davlatga qarashli “Xovar” axborot agentligi yozishicha, chorshanba kuni respublika ombudsmani Umid Bobozoda rossiyalik hamkasbi Tatyana Moskalkovaga voqea holatlarini aniqlash bo‘yicha so‘rov yuborgan.