O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi hamda “Markaziy Osiyo – Xitoy” birinchi sammitidagi ishtiroki turli soha ekspertlari tomonidan e’tirof etilmoqda.
Bu tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarish, mamlakatimizga investorlarni jalb qilishda muhimligi ta’kidlanmoqda.
Hamkorlikning istiqbollari, kelgusidagi rejalar xususida qanday fikr bildirish mumkin? Quyida shu savol bilan ba’zi soha vakillariga murojaat qildik.
Bahrom SOTIBOLDIEV – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i:
– Markaziy Osiyoning besh davlati va Xitoyning tahliliy markazlari o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirishga e’tibor qaratildi. Prezidentimiz kelgusi yil Samarqandda Milliy strategiyalarimizni uyg‘unlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi xalqaro ekspertlar konferensiyasini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi. Tahlil institutlari, olim va mutaxassislar strategik yondashuvlar, kompleks tavsiya va qarorlar, mintaqaviy va global miqyosda tub burilish yasaydigan loyihalarni ishlab chiqishi lozimligi ta’kidlandi. O‘zbekiston tashabbusi bilan 2018 yil Toshkent shahrida birinchi Markaziy Osiyo ekspertlar forumi o‘tkazilgan edi. Bu bugungi kunda an’anaviylik kasb etdi. Shu o‘rinda o‘sha forum nima berdi degan savol tug‘iladi? Avvalo, mamlakatlar bir-birining rivojlanish strategiyasini aniqlashtirib, zarur bo‘lsa, muvofiqlashtirib olish masalasiga e’tibor qaratmoqda. Buning natijasini mamlakatlar o‘rtasidagi barcha yo‘nalishlarda, xususan, savdo-sotiq hajmining izchil oshib borayotganida ko‘ramiz. Endi davlatlar o‘rtasida qo‘shma sanoat klasterlari paydo bo‘lyapti. Mintaqada yangi sanoat zanjiri shakllanishiga asos bo‘lmoqda. Ishlar Markaziy Osiy formatida yaxshi tashkil etilayotganini ko‘rsatadi. Endi bu yana ham kengaymoqda.
Ilhom MAHKAMOV – O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri:
– Prezidentimiz tashabbusi bilan yirik loyihalardan birining amalga oshishini kuzatmoqdamiz. Xitoy temir yo‘llari qoshidagi birinchi loyiha instituti bilan “O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” temir yo‘li qurilishining texnik-iqtisodiy asoslarini yakunladik. Amaliy jihatdan qirg‘iz va xitoy hamkasblarimiz bilan keyingi qadamlarga o‘tish bo‘yicha alohida “Yo‘l xaritalari”, shuningdek, yirik transport-logistika korxonalari bilan shartnomalar imzoladik. Bu kompaniyalar o‘z mahsulotlarini nafaqat yurtimiz orqali boshqa davlatlarga o‘tkazadi, balki qo‘shma korxonalar tuzib, O‘zbekistonda logistika markazlarini tashkil etadi. Shuningdek, temir yo‘l orqali tashuvlarni keng ko‘lamda tashkil etishga e’tibor qaratadi.
Faxriddin BOBOEV – “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi:
– Yurtimizdagi qulay investitsion muhit, zarur huquqiy asoslar, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish borasidagi harakatlar xorijiy sarmoyadorlarni qiziqtirmoqda. O‘zbekistonda oxirgi besh yilda Xitoy tadbirkorlari bilan birgalikda o’z yo‘nalishimizda ellikdan ortiq korxona ochildi. Bu loyihalarning investitsiya miqdori 242 million dollarni tashkil etadi. Yana investitsiya summasi 200 million dollarga yaqin o‘ttiz beshta loyihani shakllantirdik. Xususan, ikkita yirik loyiha – Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida O‘zbekiston – Xitoy texnoparki tashkil qilinadi. Har bir tashabbus ikki mamlakat uchun har tomonlama samarali ekanini ta’kidlash joiz.
Ilhom HAYDAROV – “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi:
– Prezidentimiz “Markaziy Osiyo – Xitoy” birinchi sammitidagi nutqida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, raqamli texnologiyalarni jalb etish va innovatsiyalarni, ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga keng joriy etish masalalariga e’tibor qaratdi. Tashrif doirasida tashkil etilgan tadbirlarda biz ham o‘nlab loyihalarni ishga tushirishga kelishdik. Xitoylik sarmoyadorlar bilan an’anaviy bo‘lmagan yo‘nalishlar – sun’iy va sintetik toladan mahsulotlar tayyorlashda ham hamkorlik qilamiz. Ikki oy ichida Xitoy ishbilarmonlaridan iborat katta delegatsiyasi yurtimizga keladi. Yurtimiz hududlarida yirik loyihalarni boshlashi kutilmoqda.
Darhaqiqat, ikki mamlakat uzoq yillik strategik sherik va ishonchli do‘stlar sanaladi. O‘zaro ishonch va hurmat ko‘p yillik istiqbolli hamkorlikka zamin bo‘lishi shubhasiz.
O‘zA muxbiri
Ikrom AVVALBOEV
yozib oldi.