Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
– Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish vakolatini viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar vakolatiga o‘tkazishga hamda yuqori instansiya sudlari tomonidan sud qarorlarini bekor qilish va ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudga yuborish amaliyotini tugatishga doir protsessual qoidalarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda, – dedi deputat Davron Aripov. – Sud ishlarini yuritish jarayonida huquqni qo‘llash amaliyotini tahlil qilish natijalariga ko‘ra yangi institutlar joriy etildi, fuqarolar huquqlarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlash maqsadida yarashuv, dastlabki eshituv, mediatsiya, shuningdek, sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish kabi institutlar takomillashtirildi. Apellyatsiya shikoyatlarining ko‘payishi sudlarda ish hajmining ortishi, xarajatlar ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Oliy sudda ba’zi ishlarni ko‘rish muddatlari 1 yilgacha cho‘zilib ketishi mumkin. Shuningdek, hujjatlarda sud ishlarini oqilona ko‘rish belgilangan. Ya’ni oqilona ko‘rib chiqish deganda sud ishini ko‘rish boshlanib, to‘liq yakuniga yetkazish nazarda tutiladi. Ammo aniq muddat belgilanmagan. Shu bois, sudda ishlarni ko‘rish muddatlari belgilab berilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi sudyalarning mas’uliyatini oshirishga, ishlarning sifatli va o‘z vaqtida ko‘rilishiga, sud qarorlarini qayta ko‘rishda viloyat sudlarining hamda ularga tenglashtirilgan sudlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanishga, fuqarolarning shikoyat qilish huquqidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga va noroziliklarning oldini olishga hamda ortiqcha sarsongarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qiladi.
Muhokamalarda deputatlar ayrim savol va takliflarni o‘rtaga tashladi. Moddama-modda qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA