Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda.
Majlisni kirish so‘zi bilan ochgan Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan xalqaro tadbir hamda Prezidentimizning Xitoyga davlat tashrifi xususida to‘xtalib o‘tdi.
— Samarqand shahrida muhim xalqaro tadbir — Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda davlatimiz rahbari ishtirok etib, xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikning muhim yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi. Jumladan, xususiylashtirish va xususiy sektor uchun keng sharoitlar yaratish, infratuzilma, tibbiyot, ta’lim, transport, ekologiya kabi davlat ixtiyoridagi sohalarda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini kengaytirish, “yashil iqtisodiyot”, ayniqsa, “yashil energiya” sohalarini jadal rivojlantirish, ayollar tadbirkorligini yanada qo‘llab-quvvatlash, yangi agrotexnologiyalarni joriy etish, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida bank bilan hamkorlikda yangi loyiha va dasturlar amalga oshirilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyga davlat tashrifini amalga oshirdi. Tashrif doirasida qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, Qo‘shma bayonot imzolanib, 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida yangi davrdagi har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Shuningdek, davlatimiz rahbari “Markaziy Osiyo – Xitoy” birinchi sammitida ishtirok etib, nutq so‘zladi. Sammit yakunida Sian deklaratsiyasi qabul qilindi.
Oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar, muhim hujjatlar mamlakatimiz ravnaqi, iqtisodiyotimiz rivojiga xizmat qiladi. O‘z navbatida, parlament vakillaridan bu kabi xalqaro darajadagi hujjatlar ijrosi ta’minlanishiga parlament nazorati darajasida e’tibor qaratishi talab etiladi, — dedi Spiker.
Muhtarama Komilova, O‘zA