Birlashgan Arab Amirliklari “WAM” axborot agentligi joriy yil 18-20 may kunlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston ikkinchi xalqaro energetika forumini yoritib bordi. Shu haqdagi bir maqolada “Masdar” O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya loyihalarini rivojlantirish to‘g‘risida shartnoma imzolaganiga urg‘u berilgan.
Abu Dabi kelajak energiyasi kompaniyasi (Abu Dabi Future Energy Company) – “Masdar” O‘zbekiston Respublikasi Energetika hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirliklari bilan qo‘shma rivojlanish shartnomasi imzoladi. Hujjatga ko‘ra, kompaniya 2 gigavattdan ortiq quvvatga ega quyosh va shamol energiyasi loyihalarini ishlab chiqadi. Bundan tashqari mamlakatimizning turli hududlarida 500 MVt/soat quvvatli energiya akkumulyator batareyalari yaratish loyihasini ishlab chiqadi.
Ushbu kelishuv 2030 yilga borib mavjud energiya majmuasining 25 foizini qayta tiklanadigan manbalar hisobidan ta’minlashga intilayotgan hamkorlarning toza energiya sohasidagi sa’y-harakatini faollashtiradi.
Markaziy Osiyoda joylashgan O‘zbekiston quyosh va shamol energiyasi resurslari ko‘pligi tufayli “Masdar” uchun asosiy strategik sherik hisoblanadi. Joriy o‘n yillik oxirigacha birgalikda 7 gigavatt quyosh energiyasi va 5 gigavatt shamol energiyasi ishlab chiqarish ko‘zlanmoqda.
– Ushbu shartnoma “Masdar”ning toza energiya yechimini joriy etish, emissiyani kamaytirish va iqlim sohasidagi yutuqlarni rag‘batlantirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hissa qo‘shadigan obro‘li kompaniya sifatidagi mavqeini mustahkamlashga sodiqligini tasdiqlaydi, – dedi BAA sanoat va ilg‘or texnologiyalar vaziri, “COP-28” konferensiyasi prezidenti, “Masdar” direktorlar kengashi raisi doktor Sulton bin Ahmad Al-Jobir. – Biz mudom ilg‘or, iqtisodiy jihatdan foydali loyihalar ishlab chiqish yo‘lida hamkorlik ufqini kengaytirishga intilamiz.
O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda shartnomani O‘zbekistonlan energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Ahmadxo‘jayev va investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Sarvar Hamidov, BAAdan esa “Masdar” bosh direktori Muhammad Jamil Ar-Ramahiy imzoladi.
– Ushbu kelishuv “Masdar” va bizning asosiy strategik hamkorlarimizdan biri – O‘zbekiston hukumati hamkorligida muhim, yangi sahifa ochdi, – dedi Muhammad Jamil Ar-Ramahiy.
Eslatib o‘tamiz, “Masdar” O‘zbekistonda 2019 yildan, 100 MVt quvvatga ega “Nur Navoiy” quyosh elektr stansiyasini o‘zlashtirish, energiya sotib olish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangandan beri faol ishlaydi. Bu muvaffaqiyatli moliyalashtirilgan ilk mustaqil quyosh energetikasi loyihasi bo‘lib, 2021 yilda ishga tushirildi va to‘liq foydalanishga topshirildi. “Masdar”ning O‘zbekistondagi o‘sib borayotgan loyihalar majmuasida Markaziy Osiyodagi eng yirik qurilma – 500 MVt quvvatga ega Zarafshon shamol elektr stansiyasi ham bor.
Muharrama Pirmatova, O‘zA