Qozon shahrida XIV “Rossiya – islom dunyosi: Kazanforum” xalqaro iqtisodiy forumi doirasidagi ushbu tashrif mobaynida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlari nomidan qatnashayotgan Buxoro davlat universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Obidjon Hamidov bir qator ishlarni amalga oshirdi.

Xizmat safari avvalida Qozon federal universiteti rahbariyati bilan uchrashdi. Hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalari bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Rektor Obidjon Hamidov Qozon federal universitetining Boshqaruv, iqtisodiyot va moliya instituti turizm ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun xalqaro turizm fani doirasida “O‘zbekistonning turizm salohiyati va uni samarali rivojlantirishning yo‘llari” mavzusida ma’ruza o‘qidi. Ushbu ma’ruzada universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, 40 nafar talaba yoshlar ishtirok etdi.

Rektor o‘z nutqida O‘zbekiston oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qurilayotgan yangi kampuslar, talabalar bilimini oshirishda va ta’lim sifatini oshirishda xorijiy texnologiyalarini jalb qilish holati bo‘yicha ma’lumot berib o‘tdi. Universitetning boshqaruv, iqtisodiyot va moliya instituti kafedra mudirlari bilan kechgan uchrashuvda kafedralararo hamkorlik aloqalarni kengaytirish, yangi ilmiy loyihalarga asos solish, qisqa akademik talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, yangi startaplarni birgalikda ishlab chiqish, qo‘shma ta’lim dasturlariga talabalarni jalb qilish, xalqaro ilmiy platformalarda ilmiy maqolalarni chop etish, xalqaro reytinglarga kirish kabi masalalar haqida fikr yuritildi. Qozon federal universiteti hamda Buxoro davlat universiteti o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasi asosida har yili 20 nafar professor-o‘qituvchilar ilmiy stajirovka o‘tab kelmoqda. Shundan so‘ng, Qozon federal universiteti tashabbusi bilan rektor Obidjon Hamidov Qozon shahridagi oliy ta’lim muassasasida ta’lim olayotgan talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Qizg‘in ochiq muloqot tarzida kechgan uchrashuvda O‘zbekistonda yoshlar uchun olib borilayotgan islohotlar, ularning mazmun-mohiyati va kelgusidagi rejalar xususida so‘zlab berildi. Shuningdek, har bir talaba va vatandoshimizning murojaatiga quloq tutib, ularning hol-ahvoli so‘raldi va kelgusidagi ishlariga muvaffaqiyatlar tilandi. XIV “Rossiya — Islom dunyosi: Kazanforum” xalqaro iqtisodiy forumi doirasida rektor Obidjon Hamidov Qozon federal universiteti rektori Safin Lenar Rinatovich bilan uchrashuv o‘tkazdi. Yangilangan qo‘shimcha hamkorlik shartnomasini imzoladi. Unga ko‘ra endilikda universitetlararo xalqaro ta’lim, ilmiy-tadqiqot va ilmiy-texnik loyihalar, kongresslar, simpoziumlar, konferensiyalar, seminarlarni amalga oshirish va tashkil etishda ishtirok etish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, Buxoro davlat universiteti hamda Tataristonning Innopolis universiteti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Hamkorlik shartnomasi asosida endilikda ta’lim sohasida qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy dasturlarni ishlab chiqish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ta’lim sohasida fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion faoliyatni birgalikda amalga oshirish ishlari boshlanadi. Ta’kidlash joizki, Innopolis universiteti Innopolis shahridagi axborot texnologiyalari va robototexnika sohasida ta’lim, tadqiqot va ishlanmalarga ixtisoslashgan Rossiya avtonom notijorat oliy ta’lim tashkiloti sifatida shuhrat qozongan. Innopolis universitetida yuqori texnologiyalar sohasida ishlab chiquvchilar, menejerlar o‘qitiladi. Axborot texnologiyalari va robototexnika sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. BuxDU rektori Obidjon Hamidovning forum spikerlari M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti rektori Viktor Sadovnichiy, Tatariston Respublikasi Fanlar Akademiyasi prezidenti Makzyum Salaxov, Tatariston Respublikasi ta’lim va fan vaziri Ilsur Xadiullin, tojik olimi, yuqori toifali jarroh, tibbiyot fanlari doktori Mahmadsho Kurbonalilar bilan uchrashuvi universitetlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash, talabalar hamda professor-o‘qituvchilar almashinuvi, ilmiy stajirovkani yo‘lga qo‘yish kabi ijobiy masalalarga yechim bo‘ldi.

Forum mobaynida “O‘zbekiston Respublikasining fan va ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorligi” mavzusidagi taqdimotda rektor O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan yangiliklar, ta’lim tizimini takomillashtirish uchun xizmat qilayotgan xorijiy texnologiyalar xususida gapirib o‘tdi. Shuningdek, BuxDUda 100 dan ortiq xorijiy universitetlar, shu jumladan, AQSH, Germaniya, Rossiya, Belarus, Gollandiya, Isroil, Italiya, Finlyandiya, Fransiya, Chexiya, Xitoy, Hindiston, Koreya Respublikasi va boshqalar bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari yaratilgani, so‘nggi 5-6 yil ichida universitet professor-o‘qituvchilarining asosiy ish haqi o‘rtacha 4 baravar oshgani, ayni vaqtda respublikaning 37 ta oliy o‘quv yurti, shu jumladan, Buxoro davlat universiteti ham akademik va moliyaviy mustaqillikka ega ekanligi, ushbu universitetlar moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va to‘lov-kontrakt asosida qabul parametrlarini tasdiqlash bo‘yicha o‘z siyosatini mustaqil ravishda belgilashi mumkinligi, shuningdek, ular mustaqil ravishda o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqib, tasdiqlayotganliklari yig‘ilganlar e’tiboriga taqdimot orqali yetkazildi.

Xizmat safari mobaynida o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashuv vatandoshlarimizda chuqur taassurot qoldirdi. Uchrashuvda Buxoro davlat universiteti, Samarqand Iqtisodiyot va servis instituti qo‘shma ta’lim dasturlarida ta’lim olayotgan talabalar hamda Qozon federal universiteti talabalari ishtirok etdi. Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad, mamlakatimizda yoshlarga yaratilgan sharoitlar to‘g‘risida, shu bilan birgalikda, ularni kelgusida magistraturada tahsil olishlari, o‘z yurtlariga qaytib yaxshi mutaxassis bo‘lishlari, ta’lim tizimlari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonda yoshlar bilan ishlash borasidagi so‘nggi o‘zgarishlar va islohotlar, ta’lim va madaniy-gumanitar almashinuv sohasidagi yangi me’yoriy hujjatlar qayd etildi. So‘ngida talabalarni qiziqtirgan dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Zarif Komilov, O‘zA