Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “O‘zbekiston-Germaniya:  hamkorlikning yangi bosqichi” mavzuida tashkil etilgan  davra suhbatida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil  2-3 may kunlari Germaniya Federativ Respublikasiga  amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlari muhokama qilindi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati vakillari, Qonunchilik palatasining Bundestag bilan hamkorlik bo‘yicha parlament guruhi a’zolari, Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati, Germaniyaning O‘zbekistondagi  va O‘zbekistonning Germaniyadagi elchilari,  Fridrix Ebert jamg‘armasi,  Germaniya iqtisodiyotining sharqiy qo‘mitasi, Toshkentdagi Gyote instituti,  Berlin Tarix muzeyi, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’atni rivojlantirish  jamg‘armasi, Savdo-sanoat palatasi, «Vidergeburt» nemis milliy madaniyat markazi vakillari, shuningdek, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o‘qituvchi va talabalari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari oliy darajadagi tashrif chog‘ida erishilgan va  O‘zbekiston va Germaniya munosabatlari rivojiga  turtki bergan tarixiy hujjatlarni yuksak baholashdi.

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev o‘z nutqida davlatimiz rahbarining Germaniyaga tashrifi shubhasiz, yangi tarixda O‘zbekiston va Germaniya strategik  hamkorligini kengaytirish va mustahkamlashning yangi bosqichi sifatida  muhirlanib qoladi va u mamlakatimizning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligida yangi imkoniyatlarni ochib beradi, deb ta’kidladi.

Sammit yakunlari bo‘yicha 16 ta hujjat qabul  qilindi. Moliyaviy hamkorlik to‘rg‘isidagi bitim, 2024-2030 yillarga mo‘ljallangan Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bitim Deklaratsiyasi shular jumlasidan. Xususan, Deklaratsiyada  har ikki mamlakatning xavfsizlik, rivojlanish,  inson huquqlari va mintaqaviy integratsiya  masalalari bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyorligi  qayd etiladi. Unda shuningdek, hozirgi  keng ko‘lamli geosiyosiy  tahdidlar sharoitida hamkorlikni faollashtirish  alohida ahamiyatga ega ekani qayd etiladi.

Germaniya Federativ Respublikasining  mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Tilo Klinner Berlinda erishilgan kelishuvlar nuqtai nazaridan ikki mamlakat o‘rtasida turli yo‘nalishlardagi  aloqalarning istiqbolli ekanligini ta’kidladi.

F.Ebert jamg‘armasi boshqaruvi a’zosi, Germaniya Federativ Respublikasining   sobiq adliya vaziri doktor Gerta Doybler-Gmelin O‘zbekistondagi  islohotlar jarayonida  Germaniya bilan hamkorlik tobora  jadallashib borayotganidan mamnunligini bildirdi.

Ishtirokchilar shuningdek, Germaniya  O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasidagi eng yirik savdo va investitsiyaviy hamkori  ekanligini ta’kidlashdi.

Davlatlarimiz o‘rtasida o‘rnatilgan eng ko‘p qulaylik  rejimi so‘nggi olti yilda ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmining 2 baravardan ko‘proq –  529,1 million AQSH dollaridan 1,16 milliard dollargacha  oshishiga xizmat qildi. Bugungi kunda Germaniya investitsiyalarining yurtimiz iqtisodiyotidagi  ulushi 5,5 milliard yevroni tashkil etadi, jumladan 4 milliard yevro hajmidagi mablag‘lar mamlakatimiz iqtisodiyotiga so‘nggi bir necha yil ichida  jalb qilingan.

Tadbirda ishtirok etgan nemis ishbilarmon doirasi vakillari mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyevning  jahon iqtisodiyotidagi jiddiy o‘zgarishlar sharoitida O‘zbekiston Germaniya biznesi uchun samarali va ishonchli  maydoncha bo‘lishga shay  ekanligi haqidagi  bayonotiga e’tibor qaratdi.

Shu nuqtai nazardan, tashrif doirasida tashkil etilgan biznes-forum yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ko‘lami alohida ta’kidlandi. Xususan, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va texnologik sheriklikni  kengaytirish bo‘yicha yangi savdo, moliyaviy va investitsiyaviy kelishuvlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Ishtirokchilar O‘zbekiston rahbariyatining Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyot kafolati bo‘lgan tinchlik, o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini shakllantirishdagi muhim o‘rniga e’tibor qaratishdi.

O‘zbekistonning Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvi, hamkorlik va rivojlanishga xizmat qiluvchi mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirish  bo‘yicha faol va amaliy sa’y harakatlari alohida qayd etildi.

Ikki tomonlama madaniy gumanitar hamkorlikning yuqori sur’atiga ijobiy baho berildi. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda  Germaniya madaniyati, nemis tilini o‘rganishga qiziqish ortib bormoqda. O‘z navbatida, sammit doirasida ochilgan «O‘zbekistonning arxeologik xazinalari. Makedoniyalik Iskandardan Kushonlar saltanatigacha» nomli ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilarning ko‘pligi Germaniyada ham o‘zbek tarixi va madaniyatiga qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi.

Ishtirokchilar muhokamalar yakunida O‘zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilganligini va bu ko‘p qirrali,  o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishda katta istiqbollarini ochib berishini ta’kidlashdi.

 O‘zA